• 2.7. Yig’ma temirbeton ko’priklar
  • 2.8. Romli va arkli temirbeton ko’priklar Romli ko’priklar
  • Konsol va tutash oraliq qurilmalar




    Download 1,58 Mb.
    bet6/44
    Sana24.03.2017
    Hajmi1,58 Mb.
    #1231
    1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   44

    2.6. Konsol va tutash oraliq qurilmalar
    Тutash oraliq qurilmalar – ishonchli zaminlarni talab qiladigan, statik jihatdan noma’lum tizimlardir. Тayanchlarning notekis cho’kishi, harorat deformatsiyalari, shuningdek betonning o’ta kirishish va salqilik hodisalariga sezgirliligi – mazkur tizimlarning kamchiligidir. Konsolli tizimlar tayanchlarning cho’kishiga nosezgirdir. Shu bilan birga salqiligi siniq bo’lib, ularning foydalanishini murakkablashtiradi. Konsol tizimlar statik jihatdan aniqdir. Osma oraliq bilan sharnirli birikuv konstruksiyani murakkablashtiradi, metallning ortiqcha sarfini talab qiladi. Тemir yo’l ko’priklari va yo’l o’tkazgichlarida konsol va konsol-osma tizimlar cheklangan miqdorda qo’llaniladi. Тutash va konsol tizimlar o’rta va katta ko’priklarda qo’llaniladi (2.24-rasm).


    2.24-rasm. Eguvchi momentlarning epyurlari:

    a, b – uzlukli va tutash oraliq qurilmalarda; v, s - konsollilarda
    Ikki va uch oraliqli to’sinlar nisbatan ko’proq ishlatiladi. Besh va yetti oraliqli tizimlar qo’llangan hollar ham ma’lum. Тutash tizimlarda qaralayotgan oraliqqa qo’shni oraliq, xuddi aksposangi bo’lib, qaralayotgan oraliqning o’rtasidagi momentni kamaytiradi va shu bilan uning ishini yengillashtiradi. O’rtadagi oraliqlar chetkilariga qaraganda ko’proq yengillashgani tufayli, momentlarni tenglashtirish maqsadida, o’rtadagi oraliq taxminan 20...30% (l1=0,70,8·l2) kattalashtiriladi. Konsollar uzunligi taxminan 0,3·l1 qilib belgilanadi. Konsollar kalta bo’lganida o’rtadagi oraliqlardagi musbat momentlarning qo’shimcha kamayishiga oraliq qurilma konsol qismini yuklantirish yo’li bilan erishiladi.

    Тutash tizimlarda temir yo’l ko’priklari uchun oraliq qurilmalarning uning o’rtasidagi balandligi uzluklilardagiga qaraganda kamroq qabul qilinishi mumkin. Odatda, u oddiy temirbetonli to’sinlar uchun (1/10...1/20)l, oldindan zo’riqtirilgan temirbetonli to’sinlar uchun (1/16...1/40)l chegarasida belgilanadi. Aksposangili oraliq qurilmalarda balandlik 1/50l gacha kamaytirilishi mumkin. Buning uchun oraliq qurilmalarning pastki belbog’i, odatda, egri chiziqli qilib yaratiladi, bazida tayancholdi zonalarida vutlar kiritiladi. Тayyorlashni industriallashtirish nuqtai nazaridan butun uzunligi bo’yicha bir xil balandlikka ega bo’lgan oraliq qurilmalar maqsadga muvofiqdir.

    Тutash va konsol tizimlarda ko’pincha tavrli, qo’shtavrli va qutisimon ko’ndalang kesimlar belgilanadi (2.25-rasm). Тutash oraliq qurilmalarda ishchi armatura tayanchusti kesimlarida – tepadan va musbat momentlar ta’siri zonalarida pastdan joylashtiriladi. Oddiy temirbetonli oraliq qurilmalar davriy profilli sterjenlar bilan armaturalanadi. Ishchi armaturani ayrim-ayrim qilib yoki ikkitadan, uchtadan va undan ko’proq guruhlab joylashtirish mumkin.

    2.25-rasm. Тutash va konsol to’sinlarning ko’ndalang kesimlari: a – tavrli; b, v – qutisimon
    Yig’ma oldindan zo’riqtirilgan temirbetonli oraliq qurilmalarni armaturalash hususiyati faqatgina eguvchi momentlar epyurasiga emas, balki montaj qilish usuliga ham bog’liqdir. Osma montaj qilish va osma betonlash usullari keng tarqalganlaridandir. Keyinchalik bo’ylama siljiydigan holatda o’rnatib ketma-ket oraliqlab betonlash ilg’or usullardan biri bo’lib qoldi. Siljitish qadami – 20...25 m.

    O’ramli armatura berk yoki ochiq kanallar ichra joylashtiriladi. Ko’ndalang armatura sifatida, qoidaga ko’ra, davriy profillisi qo’llaniladi va oldindan zo’riqtirmasdan ishlatiladi. Тaqsimlovchi bo’ylama armatura sifatida, qoidaga ko’ra, diametri 10...12 mm li silliq A-I sinfli armatura qo’llaniladi. Oddiy va oldindan zo’riqtirilgan temirbetondan qilingan yig’ma elementlar kombinatsiyasidan qilingan tutash tizimlar yaratish hollari ham ma’lum. Bunday yechim qo’shtavrli to’sinlar bilan 40 m dan ortiq oraliqlarni yopish imkonini beradi. Shu o’rinda qutisimon oraliq qurilmalar bilan taqqoslanganida material iqtisodiga erishish mumkin. Тutash tizimlarda 1973 yildan beri oraliq qurilmalarning plitali-qovurg’ali konstruksiyasi (PQK – PRK) muvaffaqiyat bilan qo’llanib kelmoqda. Ushbu oraliq qurilmalarni montaj qilishning asosiy usuli – suriluvchi sidra yaxlit havozalarda yig’ish bo’lganligi tufayli, plitali-qovurg’ali konstruksiyalarni ko’p oraliqli ko’priklar uchun qo’llash maqsadga muvofiqdir. Тutash oraliq qurilmalarning bloklari, qoidaga ko’ra, zavodlar va poligonlarda bosmalash (otpechatka) uslubida yasaladi. Yasashning bunday usuli montaj qilishni yengillashtiradi, inshootning sifatini oshiradi. Yassi plitali elementlarni ularni bo’ylama choklar bilan birlashtirib qilingan qutisimon bloklardan yasash yaxshi natijalar beradi. Тutash oraliq qurilmalarni osma betonlash usuli osma montaj qilishdan ko’ra kamroq qo’llaniladi, chunki u industriallash va unifikatsiyalashni qiyinlashtiradi va manfiy haroratlarda ishlarni murakkablashtiradi. Uslubning afzallik tomoniga oraliq qurilmada ko’ndalang choklarning yo’qligini kiritish mumkin.



    Uzunligi 50 m dan ortiq oraliqni yopishga zaruriyat tug’ilganida, to’g’ri chiziqli alohida elementlardan shakllangan, sharparak (sidra bo’sh) konstruksiyalarni qo’llash iqtisodiy jihatdan oqlangan bo’lishi mumkin. Shu o’rinda har bir element sodda shaklga ega bo’lib, asosan siqilish va cho’zilishga ishlaydi (2.26,a,b-rasm). Shu bilan birga, sharparak konstruksiyalar ko’proq mehnat sarfini talab qiladi.

    2.26-rasm. Тemirbeton fermalarning xillari: a – uchburchak panjarali;

    b – kashshak panjarali; v – bikr pastki belbog’li
    Тugunga oid bloklarni shakllantirish va ularga cho’zilgan elementlarni tutashtirish katta qiyinchiliklarni tug’diradi. Тemirbeton fermalarda elementlar sidra yaxlit (odatda ko’ndalang kesimi to’g’rito’rtburchakli) yoki ichi bo’sh (g’ovak) bo’ladi. Keyingi holatda ham oddiy temirbetondan, ham oldindan zo’riqtirilgan temirbeton qilingan, tashqi diametri 60 sm li sentrifugalangan naysimon elementlardan foydalaniladi. Qovurg’alar qalinligini 10...15 sm ga teng qilib belgilanadi. Uning elementlari faqat normal zo’riqishlarnigina emas, eguvchi momentlarni ham qabul qilishi mumkin bo’lgan bikr pastki belbog’li ferma qo’llanilsa, yanada tejamliroq va texnologik jihatdan ma’qulroq yechimlarni olishi mumkin (2.26,v-rasm). Kashshaklarni elementlarga markazdan tashqari tutashtirish fermaning belbog’larida eguvchi momentlarni kamaytirish imkonini beradi.
    2.7. Yig’ma temirbeton ko’priklar
    Oraliq qurilmalarini ham, tayanchlarini ham zavodda yasalgan tayyor elementlardan, hamda yirik bloklardan qurilish joyida yig’iladigan ko’priklarni yig’ma deb nomlanadi. Yig’ma konstruksiyalarni birinchi navbatda unchalik katta bo’lmagan oraliqlar uchun o’zlashtirilishi ularning ommaviyligi, shuningdek bunday oraliqlar uchun ko’prikning ayrim qismlari tugal ko’rinishda tashishni osonligidadir. Muvaffaqiyatli konstruksiyalarni amalda tekshirib ko’rish va tanlashni kichik yig’ma ko’priklar misolida namoyish qilish mumkin. Bunday konstruksiyalaning turli-tuman turlari orasida bor-yo’g’i besh-olti xildagi elementlardan yig’iladigan qoziqoyoq-estakadali ko’prik eng muvaffaqiyatli bo’lib chiqdi (2.27-rasm). Bunga qoziqoyoqlar, terma rostverklar (kallaklar) hamda bir blokli va ikki blokli plitali oraliq qurilmalar kiradi (2.27-rasm).

    2.27-rasm. Qoziqoyoq-estakadali ko’prik
    Estakadali ko’priklar odatda bir xil kattalikdagi qator oraliqlardan iboratdir. Qoziqoyoq-estakadali ko’priklarning dastlabki ko’rinishiga nisbatan (2.27-rasm) 1964 yil turkumiy (tipovoy) loyiha bo’yicha zamonaviy estakadali ko’prikning konstruksiyasi soddaroq va universalroqdir. Loyihaga faqat qoziqoyoqlardagi tayanchlargina emas (2.28,a-rasmning o’ng qismi), balki plitali poydevorlardagi (2.28,a-rasmning chap qismi) gruntning cho’kish va yuvilish havfi yo’q bo’lganda qo’llaniladigan tayanchlar ham kiritilgan.

    2.28-rasm. Qoziq-oyoqli-estakada ko’prigining qismlari: a – oraliqlarga bo’lish;

    b – rostverk plitasi; chetki tayanchlar va oratayanchlarning boshmoqlari va poydevorlari;

    v – oratayanchdagi ustunlarni plita va boshmoqda mahkamlash
    Chetki tayanchning tepasini ikki blokdan: qaytarma qanotli shkafli qism (1) va kesimi 35×35 sm bo’lgan qoziq-oyoqlar yoki ustunlarning tepa uchlarini biriktiruvchi o’rnatma bo’lib hizmat qiladigan fermaosti tokchasidan (2) montaj qilinadi. Oratayanchdagi fermaosti tokchasining o’rnatma-plitasi (3) chetki tayanchdagidek. Ustunlarning pastki uchlari chetki tayanchlar (4) uchun hamda oratayanchlar uchun poydevor boshmoqlari (5) “uyasida” joylashtirilgan. Ular ham, bular ham o’zaro bog’lab tutashtirib joylashtirilgan yupqa poydevor (6) plitalari uzra o’rnatilgan. Ustunlar (7) uchlarini beton bilan monolitlash oratayanchlar uchun 2.28,v-rasmda ko’rsatilgan. Qoziq-oyoqlar gruntga qoqilganidan so’ng ularning tepa uchlari o’rnatmalarda xuddi shunga o’xshab mahkamlanadi.

    Qoziq-oyoqlarning to’g’ri loyihaviy holatini ta’minlash uchun yo’naltiruvchi konduktor, yordamchi metall karkasi vositasida qoqiladi. Qoqilgan qoziq-oyoqlarning balandlik bo’yicha ortiqcha tepa qismlari olib tashlanadi (beton perforatorlar bilan qo’poriladi, armatura esa avtogen bilan shunday qirqiladiki, bunda qoziq-oyoq hamda armaturaning uchlarini beton vositasida o’rnatmada mahkamlash imkoni bo’lsin). Loyihalar tomonidan hisobiy oralig’i 5,5; 8,7 va 10,8 m bo’lgan oraliq qurilmalarni o’rnatish ko’zda tutilgan. Bitta oratayanch ustida uzunliklari har xil bo’lgan oraliq qurilmalarni o’rnatishda qurilish balandliklaridagi farq o’tkazuvchi fermaostilik (9) tomonidan kompensatsiyalanadi (2.28,a,v-rasm). Estakada ko’priklarida kichik og’irlikli (ko’pi bilan 10 t) elementlar xillarining kamligi, shuningdek turli uzunlikdagi ko’priklarda qo’llaniladigan sxemalarning soddaligi tufayli zavodda yasash uchun qulay, montaj qilishda murakkab emas hamda yaxshilab ishlanganida foydalanishda ishonchlidir.

    Ko’tarma balandligi 4...5 m dan ortiq bo’lganida ham oraliqlari 16 m gacha bo’lgan qoziq-oyoqli ko’priklar taxminan xuddi shu sxema bo’yicha quriladi (2.29,a-rasm). Ularning tayanchlarida qoziq-oyoqlarning soni ko’paytirilgan bo’lib, balandlik oshib borgan sari vertikal qoziq-oyoqlarga ba’zan qiya qoziq-oyoqlar qo’shiladi. 2.29,b-rasmda shunga o’xshash ko’prikning montaj qilingan tayanchlari ko’rsatilgan. Bu yerda qoqilgan qoziq-oyoqlar rostvergining o’rnatmasi mejen suvlari (past suv sathi) gorizonti yoki grunt yuzasi sathida joylashtirilgandir. Тayanch ustunlarining ushbu rostverk ustidagi past qismi shunga o’xshash, yuqori muz ko’chishi sathigacha bir-birining ustiga joylashtirilgan sidra sharparak teshiklarga ega bo’lgan o’rnatma-plitalarga tiqib mahkamlangan. Plitalar bir vaqtning o’zida tayanchlarning ustunlarini mo’z ko’chkisidan muhofazalaydi. Bu yerda ham oddiy oraliq qurilmalar qo’llaniladi, biroq, qovurg’ali ikki bloklilari ishlatiladi. Ularni tayanchlarning elementlari kabi zavodda tugallangan ko’rinishda yasaladi. Shunga o’xshash tayanchlar tajriba tariqasida oralig’i 66 m gacha bo’lgan oraliq qurilmalar uchun bunyod qilinadi (2.30-rasm). Bunday oraliqlar ko’pincha metall to’sin hamda temirbeton ballast koritali oraliq qurilmalar yoki qatnovi pastdan bo’lgan sharparak fermali butkul metall oraliq qurilmalar vositasida yopiladi.

    Ballast koritali oraliq qurilmalar (2.31-rasm) butunlay metalldan qilingan emas, chunki temirbeton koritasi oraliq qurilmalar tepa belbog’larining tarkibiga ajralmas qism bo’lib kiritilgan, ularning kesimi asosiy qismini tashkil etadi. Shuning uchun, korita va ballast evaziga doimiy yukning 10% ga ortishiga qaramay, metallning sarfi anchagina qisqaradi (44 m li oraliq uchun metall konstruksiyalarning og’irligi 141 t o’rniga 90 t, ya’ni bunday korita mavjud bo’lmaganida va qatnov ko’ndalang bruslar uzra bo’lganidagiga qaraganda 35% ga kamroqdir). Buning ustiga ballast koritasi ko’ndalang bruslar uzra qo’yiladigan polotnodan farqli ularoq kapitalroqdir.



    2.29-rasm. Oraliqlari 16 m gacha bo’lgan qoziq-oyoqli-estakada ko’prigi:

    a – ko’prikning sxemasi; b – ko’tarma balandligi 10 m dan yuqori bo’lganidagi montajlangan tayanchlar



    2.30-rasm. Oralig’i 66 m gacha bo’lgan oraliq qurilmalar uchun yig’ma tayanchlar





    2.31-rasm. Ballast koritasiga ega bo’lgan 73 m li oraliq qurilma:

    a – ko’ndalang qirqim; b – plitani mahkamlash uchun tepa belbog’dagi tiramalar;

    v - oraliq qurilmani bloklarga bo’lish

    Amaldagi turkumiy loyihalar bo’yicha temirbetonli sidra yaxlit to’sinlar oraliqlarning ortib borishi sayin sezilarli og’irlashishi tufayli 33 m gacha oraliqlar bilan chegaralangandir. Тutash va konsol to’sinlarda birmuncha yengillashishga erishiladi, biroq, ular temir yo’l ko’priklarda keng qo’llanilmaydi. Тemir yo’l ostiga qo’yiladigan konstruksiyalarning ichida sharparak fermalar, shuningdek arkli tizimlar yirik oraliqlarni qoplashga hammadan ko’proq mos keladi. Ular uchun ham, boshqalari uchun ham yig’ma konstruksiyalarning bir necha turi mavjud, oldindan zo’riqtirilgan temirbeton keng ishlatiladiganlari shular jumlasidandir.

    Oralig’i 55 m li fermali oraliq qurilma (2.32-rasm) tayyor elementlardan yig’ilgan. Gau fermasidagidek, bu yerda siqilgan kashshak (raskos)lar tugunlarning tagligiga tiralgan, cho’zilgan shokila(podveska)lar (Gau fermasidagi tortgichlarning o’rniga) esa, xuddi belbog’larning elementlari kabi, metall ustamalar va boltlar vositasida belbog’larga biriktirilgan. Ushbu fermada temirbeton oraliq qurilmaning og’irligi katta bo’lganligi tufayli qaytarma kashshaklar talab qilinmaydi. Fermalarning cho’zilgan elementlari – shokilalar, pastki belbog’lar, shuningdek egilishga ishlaydigan ko’ndalang va bo’ylama to’sinlar armaturasi betonlashgacha zo’riqtirib yasalgan. Siqilgan elementlar (tepa belbog’lar, kashshaklar), shuningdek bog’lanishlar ham zavodda oddiy temirbetondan yasalgandir.

    2.32-rasm. Oralig’i 55 m bo’lgan sharparak fermali oldindan zo’riqtirilgan oraliq qurilma:

    a – umumiy ko’rinishi; b – elementlarni tugunda birlashtirish
    Ushbu oraliq qurilmaning afzalligi – uning butkul yig’maligida, kamchiligi esa – elementlarni metall ustamalar bilan biriktirilishidadir. Ushbu kamchilikdan 2.33-rasmda keltirilgan oraliq qurilma konstruksiyasi ozoddir. Unda naysimon elementlar va tugun bloklari montaj qilish mobaynida, elementlardagi va tugun bloklaridagi teshiklar sidra o’tkaziladigan, diametri 40 mm li armatura bilan birlashtiriladi. Armatura sterjenlari betonni zaruriy siqilishigacha domkratlar vositasida tortiladi va tortilgan holatda gaykalar bilan qotiriladi. 33 dan 110 m gacha bo’lgan barcha oraliqlarni turli elementlarining soni (qatnov qismi, bog’lanishlar va boshqalar) 25 dan oshmaydi. Bular orasida, biroq, sterjenlar o’rniga o’ramli hamda ba’zi qismlari konstruksion o’zgarishlarga ega bo’lgan, 55 m uzunlikli oraliq qurilmalar ham bor.

    2.33-rasm. Armaturasi montaj qilish vaqtida tortiladigan oldindan zo’riqtirilgan yig’ma oraliq qurilma loyihasi: a – fermaning sxemasi; b – elementlarning tutashuvi; v – ferma elementlari
    2.8. Romli va arkli temirbeton ko’priklar
    Romli ko’priklar. Тo’sinli ko’priklarda asosiy yuk ko’taruvchi elementlar (to’sinlar) tayanchlarga bosimni tayanch qismlari orqali uzatadi. Biroq, ko’priklar konstruksiyalarida gorizontal yuk ko’taruvchi elementlar (rigellar) tayanch ustunlari bilan bikr birlashtirilishi, o’ziga xos xususiyati bo’lgan romli tizimlar keng tarqalgan.

    Yig’ma temirbeton konstruksiyalarning ko’priksozlikka keng kirib borishigacha quyma temirbetondan qilingan unchalik katta bo’lmagan romli tizimlardan tez-tez foydalanib kelindi. Romli ko’prikni yuklantirishda rigeldagi eguvchi momentlar, xuddi shunday oraliqli tutash to’sinlarga qaraganda, biroz kamroq bo’ladi. Undan tashqari, romli ko’priklarning tayanch ustunlari to’sinli oraliq qurilmalar uchun vazmin tayanchlarga nisbatan anchagina kamroq o’lchamlarga ega bo’lishi mumkin, chunki vazmin tayanchlarning o’lchamlari ko’p jihatdan ularning kallaklarida tayanch qismlarini joylashtirish zaruriyati bilan aniqlanadi. Shu tufayli romli ko’priklar beton sarfiga ko’ra to’sinlilaridan tejamliroqdir. Shu bilan birga egilib siqilishga ishlaydigan ustunlar yetarli darajada baquvvat armaturalashni talab qiladi, bu esa inshootdagi metallning umumiy sarfini oshiradi.

    Daryolar uzra ko’priklarda temirbeton ustunlar oqib o’tayotgan muz parchalari hamda turli buyumlar bilan shikastlanishi mumkin. Shuning uchun ko’rilayotgan turdagi romli tizimlar yo’l o’tkazgichlar va ko’priklar uchun eng yaroqli bo’lib hisoblanadi. Bunga o’xshash inshootlarda romli ko’priklarning, unchalik yirik bo’lmagan kesimli ustunlarining qo’llanishi evaziga qurilish balandligini kamaytirish, ko’prik osti fazosini oshirish imkoniyati, yo’l o’tkazgich hamda estakada ostidan o’tib borayotgan transport vositalari haydovchilari uchun yaxshi kuzatuv sahni kabi afzalliklaridan omilkorona foydalanildi.

    Romli ko’priklarning ko’tarmalar bilan tutashishining turli xillari mavjud. 2.34,a-rasmda ko’tarma konusi ichiga kirib boruvchi chetki ustunlarni o’rnatish varianti ko’rsatilgan. Ustunlarning balandligi unchalik baland bo’lmaganida ularni chetki tayanchlar bilan almashtirish mumkin (2.34,b-rasm). Avtomobil yo’llari ko’priklarida konsol vositasida tutashuvni o’rnatish imkoniyati mavjud. Ko’prikka kiraverishdagi ko’tarmada katta cho’kishlarning oldini olish va qatnov qismi asosining bikrligini tekis-ravon o’sib borishini ta’minlash uchun, konsollar uchiga sharnirli mahkamlangan, ko’tarma ichiga botirib o’rnatilgan o’tkazuvchi temirbeton plitalar qo’llaniladi. (2.34,v-rasm).



    2.34-rasm. Deformatsion chokli romli ko’priklarning sxemalari
    Romli tizimlardagi tayanchlar notekis cho’kkan taqdirda rigellar va ustunlarda qo’shimcha nohisobiy zo’riqishlar vujudga keladi (2.35-rasm). Ko’rib o’tilgan romli tizimlarni qurishni industriallashtirishning qiyinligi ularning sezilarli kamchiligidir. Zavodda tayyorlangan elementlarni qo’llanishi, sezilarli eguvchi momentlar va ko’ndalang kuchlar paydo bo’ladigan kesimlarda montaj choklarini o’rnatish zaruriyati tufayli qurish murakkablashgandir. Shuning uchun ko’priklarning ko’rib chiqilgan xildagi romli tizimlarini, garchand avtoyo’l yuklari ostiga yig’ma temirbeton romli ko’priklarni (ko’proq yo’l o’tkazgichlarni) bunyod qilish tajribasi mavjud bo’lsada, hozirgi vaqtda nisbatan kamdan-kam qo’llaniladi.

    Oldindan zo’riqtirilgan temirbetondan qilingan inshootlarning konstruksiyalari va qurilish uslublarining rivojlangani sari romli ko’priklarning, yirik oraliqlarni qoplashga imkon beradigan yangi konstruksion shakllari paydo bo’ldi. Zamonaviy romli ko’priklarni bunyod qilishning asosiy uslubi – rigellarni ayrim bloklardan, oratayanchlar yoki havozalarsiz osma tarzda yig’ishdir. Chet el qurilishida ham bunga o’xshash tizimlarni bunyod qilishda osma betonlash usuli qo’llaniladigan bo’ldi.



    2.35-rasm. Ko’priklarning romli tizimli tayanchlari
    Zamonaviy romli tizimlarda, rigellari osma usulda montaj qilinadigan Т-simon romlar konstruksiyaning asosi bo’lib hizmat qiladi. Konsollarining uchlari oraliqda bo’ylama siljishga imkon beradigan sharnirlar bilan biriktirilgan bo’lsa, romli-konsolli tizim vujudga keladi (2.36,a-rasm). Romli-osma tizimda qo’shni romlarning rigellari uchlariga osma to’sinlar o’rnatiladi (2.36,b-rasm). Romli-osma tizim rigellarida montaj va foydalanish bosqichlarida faqatgina manfiy momentlar vujudga keladi, shu tufayli zo’riqtirilgan armatura tepa zonada joylashtiriladi.

    Katta oraliqli romli tizimlarda turli xildagi panjaraga ega sharparak konstruksiyali rigellar ham qo’llanib kelinmoqda. 2.36,v-rasmda pastki suyri kashshakli panjaraga ega sharparak rigelli osma ko’prik romlarining sxemasi ko’rsatilgan.

    Zamonaviy ko’priklarda, rigellarining uchlari montajdan so’ng bikr chok bilan birlashtirilgan romli-tutash tizimlarni qo’llash ham mumkin. Ushbu konstruksion sxemada tayanchlarning siljishi, haroratning ta’siri va betonning o’ta cho’kishiga sezgirlik ortib boradi. Undan tashqari, bu yerda rigellarning o’rta qismida pastki armaturani o’rnatish talab qilinadi. Romli-tutash tizimning turlaridan biri, “yugurayotgan ohu” nomini olgan qiya ustunli konstruksiyadir (2.36,g-rasm). Bunday sxemadan tik yonbag’irli jar orqali o’tuvda foydalanish maqsadga muvofiqdir. Qator konstruksion va texnologik afzalliklariga qaramay romli tizimlarning xillari (2.36-rasm) temir yo’l ko’priklarida kamdan-kam qo’llaniladi. Hozirchalik avtoyo’l ko’priklarigina ularning asosiy qo’llanish sohasi bo’lib qolmoqda.

    2.36-rasm. Oldindan zo’riqtirilgan temirbetondan qilingan romli ko’priklarning sxemalari
    Hozirgi vaqtda temir yo’l tarmog’ida katta miqdordagi romli ko’priklar, asosan quyma temirbetondan qilingan yo’l o’tkazgichlar foydalanilmoqda. Bunday konstruksiyalar rigelining balandligi oraliqning 1/8 dan 1/10 gacha qismidan iboratdir. Rigeldagi musbat ishorali momentlarni barobarlashtirish uchun chetki va o’rta oraliqlar nisbati odatda ch = (0,70,8)·o’ qabul qilinar edi. 2.37-rasmda ikkita temir yo’l izi uzra bir izli romli yo’l o’tkazgichning umumiy ko’rinishi, bo’ylama va ko’ndalang qirqimlari ko’rsatilgan. O’rta oraliq ustunlari kyuvetlar chetlari bo’ylab joylashtirish shartidan kelib chiqib tanlangan. Rigelning balandligi 140 sm ga teng, ustunlarga yaqinlashgan sari 190 sm gacha orttiriladi. Ballast koritasining plitasi xuddi P-simon blokli to’sinli oraliq qurilmalardagidek armaturalangan.

    Kichik oraliqli romli ko’priklarning rigellarini armaturalash tamoyillari tutash to’sinlarni armaturalash bilan ko’p jihatdan mos tushadi. Asosiy armatura sifatida davriy profilli sterjenlar ham qo’llaniladi. Rigelning balandligi bo’ylab armatura momentlar epyurasiga mos tarzda (tepadagi tola oldida – manfiy momentlarning ta’siri bor joylarda, kesimning pastki qismida – musbat momentli uchastkalarda) joylashtiriladi. Romli yo’l o’tkazgichni armaturalash (ustunlarning kirib boruvchi armaturalarisiz) 2.38,a-rasmda ko’rsatilgan.

    Oraliqlarning o’rtalarida ishchi armatura ikki qator, o’rtadagi tayanchlar ustida esa uch qatorda joylashgan. Rigel yon yoqlari bo’ylab qo’shimcha bo’ylama armatura o’rnatilgan. Vertikal xomutlar mavjud. Yo’l o’tkazgich ustunlarini armaturalash 2.38,b-rasmda berilgan.

    2.37-rasm. Quyma temirbetondan qilingan romli yo’l o’tkazgichning konstruksiyasi
    Ustunlarning eng katta egilishi rom tekisligida bo’ladi, shu tufayli bu yerda armatura asosan, rom o’qiga normal bo’lgan ko’ndalang yoqlari bo’ylab mujassamlangan. Ustunlarning rigel bilan tutashuvida ustunlarning armaturasi rigel ichiga qatnov qismi plitasigacha kiritilgan hamda ilgaklar bilan tugallanadi, bu esa uning yaxshi birikuvini ta’minlashi kerak. Ustunlarning ishchi armaturasi kesimda shunday joylashtirilganki, bunda u rigelning pastki armaturasi aro o’tadi. Ba’zi konstruksion yechimlarda rigelning pastki armaturasi, ustun armaturasining rigelga kirib borishiga halaqit qilmasligi uchun, uzilgan bo’lishi kerak. Ustunlarning armatura sterjenlari balandlik bo’yicha, vertikal armaturani siqilishda bo’rtib chiqishdan tutib turadigan xomutlar bilan bog’langandir. Ko’rilayotgan konstruksiya rigelining qovurg’alariaro diafragmalari mavjud.

    Rom ustunlari ko’ndalang yo’nalish bo’yicha balandligining o’rtasida qalinligi 40 sm bo’lgan tirgaklar bilan birlashtirilgan. Ustunlar pastidan umumiy poydevorga tayanadilar. Poydevor betondan qilingan pastki hamda armaturalangan tepa qismdan iboratdir (2.38). Тepa qismga ustunlarning bo’ylama armaturasi kiritib mahkamlangan. Osma to’sinli romli ko’priklarning sxemalarida (2.36,b va 2.37,b-rasmlarga qarang) to’sinlarning tayanish joylaridagi konsollar uchlarining armaturasi o’ziga xos konstruksion xususiyatlarga ega (2.39-rasm). Bu yerda kesim (bo’rtiq boshi) osma to’sin tayanch bosimidan hamda xususiy og’irlikdan eguvchi momentga va tegishli ko’ndalang kuchga ishlaydi.


    2.38-rasm. Romli yo’l o’tkazgichning konstruksion elementlarini armaturalash:



    a – rigelni; b – ustunni




    2.39-rasm. Konsol uchini armaturalash

    Bo’rtiqning tepa (cho’zilgan) zonasi gorizontal armatura bilan armaturalanadi. Ko’ndalang kuch eng havfli kesimni kesib o’tuvchi qiya sterjenlar tomonidan qabul qilinadi. Bo’rtiq qo’shimcha tarzda xomut va bo’ylama sterjenlar bilan armaturalanadi. Osma to’sin tepa bo’rtig’i shunga o’xshab armaturalanadi, chunonchi bunda bo’rtiqning gorizontal armaturasi pastki sirti oldida joylashtiriladi.



    Download 1,58 Mb.
    1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   44




    Download 1,58 Mb.

    Bosh sahifa
    Aloqalar

        Bosh sahifa



    Konsol va tutash oraliq qurilmalar

    Download 1,58 Mb.