|
Spermiylarning xususiyatlari
|
bet | 13/75 | Sana | 09.10.2024 | Hajmi | 2,5 Mb. | | #274377 |
Bog'liq Akusherlik MTSpermiylarning xususiyatlari. Sun’iy urug’lantirishning samaradorligi ko’p jihatdan spermiylarning yashovchanligi, tashqi muhit va urg’ochi hayvonlar jinsiy yo’llaridagi sharoitga chidamliligi hamda ularning harakatchanligiga bog’liq. Tashqi muhit sharoitlari va spermiylarning holatiga ko’ra, spermiylar turlicha harakatlanadi. Yangi olingan sperma mikroskopda tekshirilganda ayrim spermiylarning faol ilgarilama harakatlanishi, ayrimlarining aylanma (manej), ayrimlarining faqat bir joyda tebranib turishi va ayrimlarining esa umuman harakatsiz ekanligini kuzatish mumkin. Spermaning olinganligiga qancha ko’p vaqt o’tgan bo’lsa bir joyda tebranib turuvchi va harakatsiz spermiylar foizi shuncha ko’payib boradi.
Spermiylarning harakatlanish faolligi ularning voyaga yetish darajasi, yoshi, qo’zg’aluvchanligi, tashqi omillar va umuman ular saqlanayotgan suyuqlikning ta’siriga bog’liq bo’ladi. Tadqiqotlar natijasida urug’don ortig’i bosh qismidan olingan spermiylar uning dum qismidan olingan va eyakulyat tarkibidagi spermiylarga nisbatan tashqi muhit ta’sirotlariga chidamsiz bo’lishi aniqlangan. Bir necha mualliflarning ta’kidlashicha, spermiylarning chidamliligi ularning urug’don ortig’i kanalidan o’tishida lipoproteid qobiq bilan qoplanishiga bog’liq. Shuning uchun spermani suyultirish va saqlashda spermiylar lipoproteid qobig’ining butunligini saqlash orqali yashovchanligi va bir xilda manfiy zaryadlanishini ta’minlashga erishiladi.
Spermiylarning nafas olishi va glikoliz. I. I. Ivanov (1911) sut emizuvchilarning spermiylari kislorodni o’zlashtirishini aniqlagan. Keyinchalik, N. P. Shergin va boshqalar turli hayvonlar spermiylarining kislorodni turli darajada o’zlashtirishini aniqlaganlar. Masalan, buqaning 100 mln. dona spermiylari 20°S haroratda soatiga 3,4 mm3, qo’chqorlar spermasi - 8,4, erkak cho’chqalar - 7,2, ayg’irlar spermasi 4,3 mm3 kislorodni o’zlashtirar ekan. Bu ko’rsatkichlardan spermiylarni organizmdagi boshqa xujayralarga nisbatan kislorodni ancha ko’p miqdorda o’zlashtirishi ma’lum bo’ladi.
Spermiylar o’zining faoliyati uchun zarur energiyani nafas (glikoliz, fruktoliz) jarayonlari natijasida oladi. Fruktoliz va glikoliz jarayonlari asosan buqa va qo’chqorlarning spermasida kuzatiladi. Ayg’irlarning spermasida qand juda kam bo’lganligi sababli, ularning spermiylari zarur energiyani boshqa nafas jarayonlari hisobiga oladi.
Tashqi haroratni +10°S ga pasaytirilishi spermiylar nafas olishining 2 martaga kamayishiga sabab bo’ladi, harorat 0°Sbo’lganda nafas olish deyarli to’xtaydi. Muhitning kislotalik tomonga o’zgarishi nafas jadalligini pasaytirsa ishqoriy muhit spermiylar nafas olishini jadallashtiradi.
Nafas spermiylarning harakatlanishini kerakli energiya manbai bilan ta’minlovchi asosiy biokimyoviy jarayon hisoblanib, energiyaga bo’lgan ehtiyojning 90 foizi nafas hisobiga qondiriladi. Nafas jarayonida kislorod ta’sirida uglevodlar, lipidlar (fosfolipidlar), oqsillar va yog’larning oksidlanishi amalga oshadi.
Spermiylarning harakati uchun eng zarur modda adenozintrifosfor kislotasi (ATF) bo’lib, bu nasldor cho’chqalarning spermasida 7-11 mg % gacha saqlanadi. Agarda ATF miqori 3 mg % yoki undan past darajaga tushsa spermiylarning otalantirish qobiliyati pasayadi.
|
| |