93
mustaqil ravishda mamlakatdagi pul-kredit sohasining rivojlanishini to’liq nazorat qila
olmas edi.
O’zbekiston rubl hududidagi bunday ahvol natijasida juda mushkul va zararli
holatga tushib qolgan edi. Chunki boshqa davlatlar to’lov va hisob-kitoblarida
foydalanilishi to’xtatilgan 1961-1992 yillar namunasidagi qadrsizlangan rubllar
evaziga O’zbekistondan turli mahsulotlar olib chiqib ketila boshladi. O’zbekistonga
boshqa davlatlarda o’z kuchini yo’qotgan sovet pullarini oqib kelishining oldini olish
hamda respublika iste’mol bozorini himoya qilish maqsadida O’zbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 1993 yil 5 mayda «Pul muomalasini tartibga solish
hamda respublika iste’mol bozorini himoyalashni kuchaytirish to’g’risida»gi
qarorni
qabul qildi. Ushbu qarorga binoan aholi tomonidan tovarlarni xarid qilish va depozit
operatsiyalarini amalga oshirishda pasport hamda kupon tizimi tatbiq etildi. Xususan,
qarorda quyidagilar belgilab berildi: 1993 yilning 10 mayidan boshlab omonatlarga
pullarning qo’yilishi faqat O’zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan pasport
asosida amalga oshirilishi; 25 ming rublgacha bo’lgan qiymatdagi tovarlarni – cheklar,
chek daftarchalari yoki omonatchilarning topshirig’i bo’yicha ularning bank
muassasalaridagi shaxsiy hisob raqamlaridan naqd pulsiz o’tkazish
orqali sotilishi;
cheklar va chek daftarchalarini faqat O’zbekiston Respublikasi fuqarolariga berish va
boshqa chora-tadbirlar.
O’zbekistonning o’z milliy valyutasini muomalaga kiritish ikki bosqichda amalga
oshirildi: birinchi bosqich 1993 yilning noyabr oyidan 1994 yilning iyunigacha
bo’lgan davrni, ikkinchi bosqich esa 1994 yilning iyun-iyul oylarini o’z ichiga oldi.
Pul islohotini o’tkazishda mamlakatimiz hukumati tomonidan aholini ijtimoiy
himoya qilish, uning daromadlarining yo’qotilishiga yo’l qo’ymaslik tamoyiliga katta
e’tibor qaratildi. Shunga ko’ra, muomaladagi eski pul birliklarining amal qilishini
to’xtatish ham sekin-asta, bosqichma-bosqich ro’yobga oshirildi. Jumladan:
- 1993 yilning 15 noyabridan boshlab 1992 yil namunasidagi 5000 va 10000 rubl
qiymatdagi pul belgilarining amal qilishi to’xtatildi;
- 1993 yilning 1 dekabridan boshlab SSSR Davlat bankining 1961-1992
yillardagi 200, 500 va 1000 rubl qiymatidagi pullarining barcha ko’rinishdagi to’lovlar
sifatida qabul qilinishi to’xtatildi;
- 1993 yilning 15 dekabridan boshlab 50 i 100 rubl qiymatdagi pul belgilarining
amal qilishi to’xtatildi;
- 1994 yilning 1 yanvaridan boshlab 1, 3, 5, 10 va 25 rubl qiymatdagi pul
belgilari muomaladan chiqarildi;
- 1994 yilning 15 aprelidan boshlab O’zbekistonning
barcha hududida Rossiya
Banki banknotlarini muomalada bo’lishi to’xtatildi.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993 yil 30 noyabrdagi
«O’zbekiston Respublikasi hududida «so’m-kupon»ning muomalada bo’lish tartibini
yanada takomillashtirish bo’yicha chora-tadbirlar to’g’risida»gi qarorida 1993 yilning
6 dekabridan boshlab 1, 3, 5, 10, 25, 50, 100, 200, 500, 1000, 5000, 10000 so’m
qiymatidagi «so’m-kuponlar» mamlakatimiz hududida qonuniy to’lov vositasi sifatida
tan olindi.
94
O’zbekistonda milliy valyutani joriy etishda dastlab «so’m-kupon»ning
muomalaga kiritilishi quyidagilarga imkon yaratdi: birinchidan, milliy pul islohotining
iqtisodiy, texnik va ijtimoiy tomonlarini optimallashtirish uchun respublika ichki
iqtisodiyotidagi barcha real omillarni to’la aniqlash va hisobga olish;
ikkinchidan,
mustaqil moliya-kredit va narx siyosatini yuritish bo’yicha muayyan tajriba orttirish;
uchinchidan, milliy pul birligini joriy etish strategiyasi va mexanizmini o’rganish,
inflyatsiya jarayoniga qarshi kurash tadbirlari ishlab chiqish va sinovdan o’tkazish,
o’zaro hisob-kitoblar mexanizmini yo’lga qo’yish va hokazo.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 122-moddasi hamda «O’zbekiston
Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to’g’risida»gi Qonunning 111-
moddasiga, shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993 yil 3
sentyabrdagi 952-XII-sonli qaroriga muvofiq, 1994 yilning 1 iyulidan boshlab
O’zbekiston Respublikasi hududida milliy valyuta – «so’m» muomalaga kiritildi.
Milliy valyutaning joriy etilishi munosabati bilan O’zbekiston
Markaziy
bankining kassa ishini tashkil etish to’g’risida, miliy valyutani muomalaga chiqarish
va hisobga olish tartibi to’g’risidagi ko’rsatmasi, shuningdek, qimmatliklarni qayta
baholash hamda yuridik shaxslarning buxgalteriya hisobi va hisobotiga o’zgartirishlar
kiritish tartibi ishlab chiqildi. Bank muassasalari tomonidan 1994 yilning 1 iyuli holati
bo’yicha yuridik shaxslarning hisob va joriy raqamlaridagi barcha pul mablag’larini va
boshqa qimmatliklarni inventarizatsiya qilish va buxgalteriya hisobi ma’lumotlari
asosida 1000 so’m-kuponni 1 so’m nisbatida qayta hisoblash ishlari amalga oshirildi.
Tovar-pul munosabatlarining samarali amal qilishi ko’p jihatdan milliy
valyutaning barqarorligiga ham bog’liq. bunga erishish
uchun aniq vazifalarni hal
etishga qaratilgan to’rtta alohida dasturlar to’plamini ko’rsatib berdi (4.3-jadval).