• Rahbar kadrlar
  • Yordamchi Mutaxassislar
  • Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining guruhlari




    Download 104,85 Kb.
    bet3/3
    Sana09.02.2024
    Hajmi104,85 Kb.
    #153589
    1   2   3
    Bog'liq
    O‘RQ-788 08.08.2022

    Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining guruhlari

    Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining toifalari

    Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining malaka darajalari

    Siyosiy

    Rahbar kadrlar

    Oliy darajali maslahatchi
    1-darajali maslahatchi
    2-darajali maslahatchi
    3-darajali maslahatchi

    Boshqaruv

    Boshqaruv kadrlari

    1-darajali xizmatchi
    2-daraj�li xizmatchi
    3-darajali xizmatchi

    Yordamchi

    Mutaxassislar

    4-darajali xizmatchi
    5-darajali xizmatchi
    6-darajali xizmatchi

    Davlat fuqarolik xizmatchilariga davlat fuqarolik xizmati lavozimlari malaka darajalari (bundan buyon matnda malaka darajalari deb yuritiladi), qoida tariqasida, izchil tartibda, oliy ma’lumotga va muayyan ish stajiga, malaka oshirish kurslarini tugatganligi to‘g‘risidagi sertifikatga, malaka komissiyasining ijobiy xulosasiga ega bo‘lgan taqdirda beriladi.
    Davlat fuqarolik xizmatchilariga malaka darajalarini berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.
    25-modda. Milliy kadrlar zaxirasi
    Milliy kadrlar zaxirasi davlat fuqarolik xizmatchilarining rahbarlik lavozimlarini malakali kadrlar bilan to‘ldirish maqsadida davlat fuqarolik xizmatchilarini markazlashtirilgan holda saralab olish, tayyorlash, qayta tayyorlash va uzluksiz malakasini oshirish tizimidir.
    Milliy kadrlar zaxirasi davlat fuqarolik xizmatining rahbar kadrlar tarkibini barqaror ta’minlash va uning sifatini yaxshilash, davlat fuqarolik xizmatchisining kasbiy kompetensiyasini oshirish hamda xizmatda lavozim bo‘yicha ko‘tarish maqsadida shakllantiriladi.
    Milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish va yuritish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadigan tartibda maxsus vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
    26-modda. Davlat fuqarolik xizmati sohasidagi monitoring
    Davlat fuqarolik xizmati tizimida yagona tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni qo‘llashning bir xil amaliyotini ta’minlash maqsadida maxsus vakolatli davlat organi tomonidan davlat organida monitoring o‘tkaziladi.
    Monitoring davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risidagi qonunchilikning davlat organi tomonidan ijro etilishini o‘rganish yo‘li bilan o‘tkaziladi.
    Monitoring natijasida davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganligi aniqlangan taqdirda, maxsus vakolatli davlat organi tegishli davlat organi rahbariga davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risidagi qonunchilikning aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish haqida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritadi.
    Monitoring o‘tkazish tartibi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
    6-bob. Davlat fuqarolik xizmatiga kirish tartibi va shartlari
    27-modda. Davlat fuqarolik xizmatiga kirish
    Davlat fuqarolik xizmatiga kirish tanlov asosida nomzodni davlat fuqarolik xizmati lavozimiga tayinlash orqali amalga oshiriladi, bundan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini qonunchilikda nazarda tutilgan boshqacha tartib bo‘yicha egallash mustasno.
    28-modda. Davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilish shartlari
    Davlat fuqarolik xizmatiga davlat tilini biladigan, davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini egallash uchun tegishli malaka talablariga va boshqa talablarga javob beradigan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari qabul qilinadi.
    Chet el mutaxassislari va ekspertlari davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini qonunchilikda belgilangan tartibda egallashi mumkin. Chet el mutaxassislari va ekspertlarining xizmatni o‘tash tartibi hamda shartlari tegishli shartnoma asosida belgilanadi.
    Quyidagilar davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinishi mumkin emas:
    o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar, agar davlat fuqarolik xizmati lavozimiga doir malaka talablarida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa;
    sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar;
    sudning qarori bilan muayyan muddatga davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini egallash huquqidan mahrum qilingan shaxslar;
    korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda sud tomonidan aybdor deb topilgan shaxslar;
    og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki olib tashlanmagan shaxslar;
    tibbiy xulosaga asosan sog‘lig‘ining holati davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallash imkonini bermaydigan shaxslar;
    davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq bo‘lgan, ushbu Qonun 13-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan cheklovlarga rioya etishni rad qilgan shaxslar.
    29-modda. Davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallash
    Davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallash tanlov asosida amalga oshiriladi, bundan qonunchilik bilan belgilangan kafolatlarga muvofiq oldingi lavozimni yoki unga teng bo‘lgan lavozimni taqdim etish hollari, shuningdek ushbu Qonunning 39 va 41-moddalarida nazarda tutilgan holatlar mustasno.
    Davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallash uchun nomzodlarga jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, huquqlarining tengligi kafolatlanadi.
    Davlat fuqarolik xizmatining bo‘sh turgan (vakant) lavozimini egallash maxsus vakolatli davlat organining axborot tizimi orqali o‘tkaziladigan ichki va tashqi tanlovlar asosida amalga oshiriladi.
    Ichki tanlovlarda faqat davlat fuqarolik xizmatchilari, tashqi tanlovlarda esa tegishli malaka talablariga javob beradigan barcha O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirok etish huquqiga ega.
    Tanlov o‘tkaziladigan davlat fuqarolik xizmati lavozimlari va tanlov o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.
    30-modda. Mehnat shartnomasi
    Davlat fuqarolik xizmatiga kirayotgan shaxs bilan mehnat shartnomasi mehnat qonunchiligi asosida muayyan yoki nomuayyan muddatga yozma shaklda tuziladi.
    Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining siyosiy guruhiga kiruvchi davlat fuqarolik xizmatchilari bilan mehnat shartnomasi tuzilmaydi.
    Mehnat shartnomasida davlat fuqarolik xizmatini o‘tashning asoslari va shartlari, davlat fuqarolik xizmatchisining huquqlari, majburiyatlari hamda javobgarligi, davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar, shuningdek uni huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilishga taalluqli qoidalar ko‘rsatiladi.
    Davlat fuqarolik xizmatchisi bilan tuziladigan mehnat shartnomasiga doir namunaviy talablar maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
    31-modda. Davlat fuqarolik xizmatchisining shaxsiy hujjatlari to‘plami
    Davlat fuqarolik xizmatchisining shaxsiy hujjatlari to‘plami uning shaxsga doir ma’lumotlardan va u tomonidan davlat fuqarolik xizmatini o‘tash to‘g‘risidagi axborotdan iboratdir.
    Davlat fuqarolik xizmatchisining shaxsiy hujjatlari to‘plami davlat organining kadrlar bo‘linmasi tomonidan yuritiladi.
    Davlat fuqarolik xizmatchisining shaxsiy hujjatlari to‘plami elektron shaklda yuritiladi.
    Davlat fuqarolik xizmatchisining shaxsiy hujjatlari to‘plamiga davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq bo‘lmagan axborotni kiritish, shuningdek shaxsiy hujjatlar to‘plamidagi axborotni uchinchi shaxslarga davlat fuqarolik xizmatchisining roziligisiz berish taqiqlanadi, bundan qonunchilikda belgilangan hollar mustasno.
    32-modda. Davlat fuqarolik xizmatchisining xizmat guvohnomasi
    Davlat fuqarolik xizmatchisiga maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan shakldagi xizmat guvohnomasi beriladi.
    Xizmat guvohnomasida davlat fuqarolik xizmatchisi egallagan lavozimi, uning malaka darajasi, davlat organining to‘liq nomi, guvohnoma berilgan sana va uning amal qilish muddati ko‘rsatiladi.
    Xizmat guvohnomasi davlat fuqarolik xizmatchisi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tasdiqlaydigan identifikatsiyalovchi karta ko‘rinishida ham berilishi mumkin.
    Xizmat guvohnomasini boshqa shaxslarga berish mumkin emas.
    Xizmat guvohnomasining amal qilish muddati o‘tgan yoki davlat fuqarolik xizmatchisi lavozimdan ozod etilgan taqdirda, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda xizmat guvohnomasi uni bergan davlat organiga qaytariladi.
    7-bob. Davlat fuqarolik xizmatini o‘tash tartibi
    33-modda. Davlat fuqarolik xizmatini o‘tash
    Davlat fuqarolik xizmatini o‘tash muddati davlat fuqarolik xizmati lavozimiga tayinlangan paytdan e’tiboran to davlat fuqarolik xizmatchisining faoliyati ushbu Qonunning 50-moddasida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra tugatilgan sanaga qadar bo‘lgan davrni qamrab oladi.
    Davlat fuqarolik xizmatini o‘tash mehnat shartnomasi asosida amalga oshiriladi va quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
    davlat fuqarolik xizmatchisining ish vaqtini;
    davlat fuqarolik xizmatchisining lavozim yo‘riqnomasini;
    davlat fuqarolik xizmatchisining faoliyat samaradorligini baholashni;
    davlat fuqarolik xizmatida lavozim bo‘yicha ko‘tarilishni;
    boshqa davlat fuqarolik xizmati lavozimiga o‘tkazishni, shu jumladan rotatsiya tartibida o‘tkazishni va xizmat safarlarini;
    davlat fuqarolik xizmatchisining kasbiy kompetensiyasini uzluksiz ravishda oshirishni;
    davlat fuqarolik xizmatchilarining mehnatiga haq to‘lashning yagona tartibini;
    davlat fuqarolik xizmatchilariga nisbatan rag‘batlantirish yoki intizomiy jazo choralarini qo‘llashni.
    Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining siyosiy guruhiga kiruvchi davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan davlat fuqarolik xizmatini o‘tash tartibi O‘zbekiston Respublikasining alohida qonunlarida va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida belgilanadi.
    34-modda. Davlat fuqarolik xizmatchilarining ish vaqti
    Davlat organida davlat fuqarolik xizmatchisi uchun besh kunlik ish haftasi belgilanadi. Bunda ish vaqtining davomiyligi haftasiga qirq soatdan oshmasligi kerak.
    Uch yoshga to‘lmagan bolalari bor davlat fuqarolik xizmatchilari bo‘lgan ota-onasidan biriga (ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxsga) haftasiga o‘ttiz besh soatdan oshmaydigan ish vaqti davomiyligi belgilanadi.
    Davlat fuqarolik xizmatchisi xizmat faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlariga qarab, ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan ish vaqtining davomiyligi hisobga olingan, ichki mehnat tartibi qoidalariga rioya etilgan holda olti kunlik ish haftasi belgilanishi mumkin.
    Davlat organi tomonidan davlat fuqarolik xizmatchisi uchun o‘rnatilgan ish vaqtining davomiyligidan tashqari ish ish vaqtidan tashqari ish deb hisoblanadi.
    Tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar yuz bergan taqdirda, davlat organi davlat fuqarolik xizmatchisini uning roziligisiz ish vaqtidan tashqari ishga jalb etishi mumkin.
    Davlat fuqarolik xizmatchilarini ish vaqtidan tashqari hamda dam olish kunlari va ishlanmaydigan bayram kunlari ishlarga jalb etish mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilgan holda, davlat organi rahbarining qarori asosida amalga oshiriladi.
    Davlat fuqarolik xizmatchisining ish vaqtidan tashqari ishi uchun kompensatsiya ish vaqtidan tashqari haqiqatda ishlab berilgan soatlariga kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lash yoki ortiqcha ishlagan vaqtining davomiyligiga mos bo‘lgan qo‘shimcha dam olish vaqti berish orqali amalga oshiriladi.
    35-modda. Davlat fuqarolik xizmatchisining lavozim yo‘riqnomasi
    Davlat fuqarolik xizmatchisining lavozim yo‘riqnomasi davlat fuqarolik xizmatchisining mansab vakolatlarini, xizmat majburiyatlarini va javobgarligini belgilaydigan hujjatdir.
    Davlat fuqarolik xizmatchisining lavozim yo‘riqnomasi davlat organining rahbari tomonidan tasdiqlanadi yoki qonunchilikda belgilanadi.
    Davlat fuqarolik xizmatchisi mehnat shartnomasini imzolashdan oldin davlat fuqarolik xizmatchisi lavozim yo‘riqnomasi bilan imzo qo‘ydirib tanishtirilishi kerak.
    36-modda. Davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatining samaradorligini baholash
    Davlat fuqarolik xizmatchisini rag‘batlantirish hamda xolisona va adolatli mezonlar asosida xizmatda lavozim bo‘yicha ko‘tarilishini ta’minlash uchun uning faoliyati samaradorligini eng muhim ko‘rsatkichlar asosida baholash tizimi joriy etiladi.
    Davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyatining samaradorligini eng muhim ko‘rsatkichlar asosida baholash uslubiyati maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
    Davlat organi davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyatining samaradorligini baholash uslubiyatiga muvofiq faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda o‘z ichki tartibini belgilaydi.
    37-modda. Davlat fuqarolik xizmati bo‘yicha ko‘tarilish
    Davlat fuqarolik xizmati bo‘yicha ko‘tarilish davlat fuqarolik xizmatchisining o‘z kasbiy kompetensiyasini uzluksiz ravishda oshirib borishi hisobiga xizmat faoliyatining natijadorligi asosida yuqoriroq lavozimga tayinlash yoki yuqoriroq malaka darajasini berish orqali amalga oshiriladi.
    38-modda. Boshqa davlat fuqarolik xizmati lavozimiga o‘tkazish
    Davlat fuqarolik xizmatchisini boshqa davlat fuqarolik xizmati lavozimiga o‘tkazish uning yozma roziligi bilan amalga oshiriladi.
    Tibbiy xulosaga asosan sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra, o‘z egallab turgan lavozimi bo‘yicha xizmat majburiyatlarini bajara olmaydigan davlat fuqarolik xizmatchisiga uning yozma roziligi bilan kasbiy kompetensiyalariga mos bo‘lgan va sog‘lig‘ining holati bo‘yicha qarshi ko‘rsatma mavjud bo‘lmagan boshqa davlat fuqarolik xizmati lavozimi beriladi.
    39-modda. Davlat fuqarolik xizmatchisining rotatsiyasi
    Davlat fuqarolik xizmatchisining rotatsiyasi uning shaxsiy va kasbga oid sifatlarini rivojlantirish, faoliyatining samaradorligini oshirish, rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish maqsadida amalga oshiriladi.
    Davlat fuqarolik xizmatchisining rotatsiyasi uni egallab turgan davlat fuqarolik xizmati lavozimiga teng bo‘lgan boshqa lavozimga o‘z roziligi bilan o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.
    Davlat fuqarolik xizmatida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida majburiy ravishda rotatsiya qilinishi lozim bo‘lgan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining ro‘yxati belgilanadi. Ushbu lavozimlarni egallab turgan davlat fuqarolik xizmatchilarining rotatsiyasi ularning roziligisiz amalga oshiriladi.
    Quyidagi davlat fuqarolik xizmatchilari rotatsiya qilinmaydi:
    tayyorlash, qayta tayyorlashdan va malaka oshirishdan o‘tayotgan;
    homilador ayollar, shuningdek uch yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollar;
    tibbiy xulosaga asosan o‘zlarining yoki ular bilan birga yashovchi oila a’zolari sog‘lig‘ining holati rotatsiya o‘tkazilayotgan davlat fuqarolik xizmati lavozimi bo‘yicha xizmat majburiyatlarini amalga oshirish imkoniyatini bermaydiganlar.
    Davlat fuqarolik xizmatchisining rotatsiyasi shartlari mehnat shartnomasida nazarda tutiladi.
    Davlat fuqarolik xizmatchisi rotatsiya to‘g‘risidagi qarordan norozi bo‘lgan taqdirda yuqori turuvchi davlat organiga yoki maxsus vakolatli davlat organiga yoxud sudga shikoyat qilishga haqli.
    Davlat fuqarolik xizmatida rotatsiya qilish tartibi, majburiy ravishda rotatsiya qilinishi lozim bo‘lgan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining ro‘yxati, shuningdek rotatsiya qilinadigan lavozimlarda bo‘lish muddati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.
    40-modda. Davlat fuqarolik xizmatchisining xizmat safarlari
    Davlat fuqarolik xizmatchisi xizmat vazifasini bajarish uchun davlat organining qaroriga muvofiq muayyan muddatga xizmat safariga yuboriladi. Xizmat safari O‘zbekiston Respublikasi hududida yoki uning hududidan tashqarida amalga oshirilishi mumkin.
    Davlat fuqarolik xizmatchisining xizmat safari davomiyligi davlat organi rahbari tomonidan xizmat vazifasining hajmi, murakkabligi va boshqa jihatlari hisobga olingan holda belgilanadi.
    Davlat fuqarolik xizmatchisini xizmat safariga yuborish chog‘ida uning lavozimi va o‘rtacha ish haqi saqlanadi, yashash bilan bog‘liq xarajatlar, transport xarajatlari, shuningdek xizmat safari bilan bog‘liq boshqa xarajatlarning o‘rni davlat organi tomonidan qoplanadi.
    Davlat fuqarolik xizmatchisining xorijiy mamlakatlarga xizmat safarini tashkil etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.
    41-modda. Davlat fuqarolik xizmatchisini boshqa davlat organiga vaqtincha xizmat safariga yuborish
    Davlat fuqarolik xizmatchisi boshqa davlat organining davlat fuqarolik xizmati lavozimiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarish uchun bir yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga vaqtincha xizmat safariga yuborilishi mumkin. Bunda davlat fuqarolik xizmatchisining mehnatiga haq to‘lash u vaqtincha xizmat safariga yuborilgan davlat organi bilan alohida tuziladigan muddatli mehnat shartnomasi asosida amalga oshiriladi. Avvalgi xizmat joyi bo‘yicha tuzilgan mehnat shartnomasining amal qilishi davlat fuqarolik xizmatchisi vaqtincha xizmat safariga yuborilgan muddat tugaguniga qadar to‘xtatib turiladi.
    Davlat fuqarolik xizmatchisiga haqiqatda bajarilgan ishiga qarab, o‘zining asosiy lavozimidagidan kam bo‘lmagan miqdorda ish haqi to‘lanadi. Davlat organining davlat fuqarolik xizmatchisini boshqa davlat organiga vaqtincha xizmat safariga yuborish bilan bog‘liq xarajatlarining o‘rni vaqtincha xizmat safariga yuborilgan davlat fuqarolik xizmatchisini qabul qilgan davlat organi tomonidan qoplanadi.
    Davlat fuqarolik xizmatchisini boshqa davlat organining davlat fuqarolik xizmati lavozimiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarish uchun vaqtincha xizmat safariga yuborish faqat uning yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.
    Davlat fuqarolik xizmatchisini boshqa davlat organiga vaqtincha xizmat safariga yuborishga quyidagi hollarda yo‘l qo‘yilmaydi:
    kasbiy kompetensiyalariga to‘g‘ri kelmaydigan davlat fuqarolik xizmati lavozimlariga;
    tibbiy xulosaga asosan o‘zining yoki u bilan birga istiqomat qiladigan oila a’zosining sog‘lig‘i davlat fuqarolik xizmatchisi vaqtincha xizmat safariga yuboriladigan davlat fuqarolik xizmati lavozimi bo‘yicha xizmat majburiyatlarini amalga oshirish imkonini bermasa.
    Agar boshqa davlat organidagi mehnatga haq to‘lash yoki dam olish shartlari, qo‘shimcha kafolatlar va imtiyozlar davlat fuqarolik xizmatchisini vaqtincha xizmat safariga yuborgan davlat organidagidan farq qilsa, xizmatchiga nisbatan qulayroq shartlar qo‘llaniladi.
    42-modda. Davlat fuqarolik xizmatchisining kasbiy kompetensiyasini uzluksiz ravishda oshirish
    Davlat fuqarolik xizmatchisining kasbiy kompetensiyasini uzluksiz ravishda oshirishdan maqsad uning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur bo‘lgan bilimlar, ko‘nikmalar va malakalarni egallashi uchun shart-sharoitlar yaratishdan iboratdir.
    Davlat fuqarolik xizmatchisining kasbiy kompetensiyasi darajasi uning bilimlari, ko‘nikmalari va malakalari darajasini aniqlash imkonini beruvchi axborot tizimlari orqali davlat organi tomonidan muntazam ravishda baholab boriladi.
    Qayta tayyorlash, malaka oshirish va mustaqil ta’lim olish davlat fuqarolik xizmatchisining kasbiy kompetensiyasini uzluksiz ravishda oshirishning asosiy shakllaridir.
    Qayta tayyorlash davlat fuqarolik xizmatchisining samarali faoliyati uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha kasbiy bilimlar, ko‘nikmalar va malakalarni egallashi maqsadida tashkil etilgan ta’lim jarayonidir.
    Malaka oshirish davlat fuqarolik xizmatchisining kasbiy kompetensiyasini oshirishga va muntazam ravishda yangilab borishga qaratilgan ta’lim jarayonidir.
    Mustaqil ta’lim davlat fuqarolik xizmatchisining yangi bilimlar va tajribaga ega bo‘lish bo‘yicha ishdan bo‘sh vaqtida kasbiy kompetensiyasini oshirish jarayonidir.
    Davlat fuqarolik xizmatchisining kasbiy kompetensiyasini uzluksiz ravishda oshirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.
    43-modda. Davlat fuqarolik xizmatchisining mehnatiga haq to‘lash
    Davlat fuqarolik xizmatchisining mehnatiga haq to‘lash quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
    bazaviy lavozim maoshi;
    ko‘p yillik xizmat uchun qo‘shimcha to‘lov;
    malaka darajasi uchun qo‘shimcha to‘lov;
    davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishganlik uchun qo‘shimcha ustama;
    hisobot davri yakunlari bo‘yicha rag‘batlantirish to‘lovlari.
    Davlat fuqarolik xizmatchisining mehnat sharoitlari, u alohida muhim topshiriqlar va murakkab vazifalarni bajarganligi, boshqa shartlar munosabati bilan uning bazaviy lavozim maoshiga qonunchilikda belgilangan rag‘batlantiruvchi qo‘shimcha to‘lovlar va ustamalar to‘lanishi mumkin.
    Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan to‘lovlarni hisoblash tartibi va ularning miqdorlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.
    44-modda. Davlat fuqarolik xizmatchisini rag‘batlantirish
    Davlat fuqarolik xizmatchisiga quyidagi rag‘batlantirish choralari qo‘llanilishi mumkin:
    lavozim maoshiga qo‘shimcha ustamalar;
    pul mukofoti;
    navbatdan tashqari malaka darajasini berish;
    minnatdorchilik e’lon qilish;
    qimmatbaho sovg‘a, esdalik yoki ko‘krak nishoni yoxud yorliq bilan mukofotlash.
    Davlat fuqarolik xizmatchisi alohida xizmatlari uchun qonunchilikda belgilangan tartibda davlat mukofotlariga taqdim etilishi mumkin.
    45-modda. Davlat fuqarolik xizmatchisiga nisbatan rag‘batlantirish choralarining qo‘llanilishi
    Davlat fuqarolik xizmatchisiga nisbatan rag‘batlantirish choralarini qo‘llash davlat organining rahbari tomonidan yoki uning tavsiyasiga ko‘ra amalga oshiriladi.
    Davlat fuqarolik xizmatchisiga nisbatan rag‘batlantirish choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi masalani hal etish chog‘ida quyidagilar e’tiborga olinadi:
    oy, chorak, yarim yil, yil yakunlari bo‘yicha faoliyatning eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlarini bajarganlik va oshirib bajarganlik;
    o‘ta muhim vazifalarni bajarganlik;
    zimmasiga yuklatilgan vazifaning murakkabligi va muhimligi, shuningdek uning faoliyatida erishilgan yuqori natijalar;
    bayram kunlari, yubileylar, nishonlanadigan sanalar va pensiyaga chiqish.
    46-modda. Davlat fuqarolik xizmatchisining intizomiy javobgarligi
    Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan lavozim yo‘riqnomasiga va Davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalariga, shuningdek ushbu Qonunning 13-moddasida belgilangan cheklovlarga rioya etmaganlik unga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘llash uchun asos bo‘ladi.
    Davlat fuqarolik xizmatchisiga nisbatan quyidagi intizomiy jazo choralari qo‘llaniladi:
    hayfsan;
    o‘rtacha oylik ish haqining o‘ttiz foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda jarima;
    malaka darajasini pasaytirish;
    davlat fuqarolik xizmati lavozimini pasaytirish;
    egallab turgan davlat fuqarolik xizmati lavozimidan ozod qilish.
    Davlat fuqarolik xizmatchisiga nisbatan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilmagan boshqa intizomiy jazo choralarini qo‘llash taqiqlanadi.
    47-modda. Davlat fuqarolik xizmatchisiga nisbatan intizomiy jazo choralarining qo‘llanilishi
    Intizomiy jazo choralari davlat organining rahbari tomonidan qo‘llaniladi. Har bir intizomiy qilmish uchun faqat bitta intizomiy jazo chorasi qo‘llanilishi mumkin. Intizomiy jazo chorasini tanlash huquqi davlat organining rahbariga tegishlidir. Intizomiy jazo chorasini qo‘llash chog‘ida qilmishning og‘ir-yengilligi, uning holatlari va davlat fuqarolik xizmatchisining xulq-atvori hisobga olinadi.
    Davlat fuqarolik xizmatchisiga nisbatan intizomiy jazo chorasini qo‘llash davlat organi rahbarining tegishli qarori bilan rasmiylashtiriladi.
    Davlat organi rahbarining davlat fuqarolik xizmatchisiga nisbatan intizomiy jazo chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi qarori ushbu qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida, davlat fuqarolik xizmatchisi ishda yo‘q bo‘lgan vaqt hisobga olinmasdan, unga jazoni qo‘llash sabablari ko‘rsatilgan holda imzo qo‘ydirib e’lon qilinadi.
    O‘ziga nisbatan intizomiy jazo chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi qaror bilan tanishtirilmagan davlat fuqarolik xizmatchisi intizomiy jazoga tortilmagan deb hisoblanadi.
    Davlat fuqarolik xizmatchisining o‘ziga nisbatan intizomiy jazo chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi qaror bilan tanishishni rad etganligi bunda hozir bo‘lgan guvohlar ko‘rsatilgan holda dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bunday holda davlat fuqarolik xizmatchisi qaror bilan tanishtirilgan deb hisoblanadi.
    Davlat fuqarolik xizmatchisining intizomiy javobgarlikka tortilishi unga nisbatan rag‘batlantirish choralari qo‘llanilishini bekor qilmaydi.
    Ushbu Qonun 46-moddasi ikkinchi qismining uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi xatboshilarida nazarda tutilgan intizomiy jazo choralari davlat fuqarolik xizmatchisiga nisbatan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvining xulosasiga asosan, shuningdek amalda intizomiy jazo chorasi mavjud bo‘lganda qo‘llaniladi.
    Davlat fuqarolik xizmatchisi o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan intizomiy jazo chorasi ustidan yuqori turuvchi davlat organiga yoki maxsus vakolatli davlat organiga yoxud sudga shikoyat qilishga haqli.
    48-modda. Intizomiy jazo choralarini qo‘llash muddatlari
    Intizomiy jazo chorasi darhol, biroq intizomiy qilmish aniqlangan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay qo‘llaniladi.
    Intizomiy jazo choralari:
    davlat fuqarolik xizmatchisi vaqtincha mehnatga qobiliyatsiz bo‘lgan davrda;
    davlat fuqarolik xizmatchisi ta’tilda yoki xizmat safarida bo‘lgan davrda;
    davlat fuqarolik xizmatchisi favqulodda vaziyat yoki harbiy xizmatni o‘tashi bilan bog‘liq bo‘lgan majburiyatlarni amalga oshirayotgan vaqtga o‘z xizmat majburiyatlarini bajarishdan ozod etilgan davrda;
    davlat fuqarolik xizmatchisi qayta tayyorlashda, malaka oshirishda bo‘lgan va ta’lim olayotgan davrda qo‘llanilishi mumkin emas.
    Intizomiy jazo chorasini qo‘llash muddati ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan muddatlar o‘tguniga qadar to‘xtatib turiladi.
    Intizomiy jazo chorasi intizomiy qilmish sodir etilgan kundan e’tiboran olti oydan kechiktirmay, taftish yoki moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirish yoxud auditorlik tekshiruvi natijalariga ko‘ra esa — qilmish sodir etilgan kundan e’tiboran ikki yildan kechiktirmay qo‘llanilishi mumkin. Ko‘rsatilgan muddatlarga jinoyat ishi bo‘yicha ish yuritish vaqti kiritilmaydi.
    Intizomiy jazo chorasi jazo qo‘llanilgan kundan boshlab bir yil davomida amal qiladi. Agar mazkur muddat ichida davlat fuqarolik xizmatchisiga yangi intizomiy jazo chorasi qo‘llanilmagan bo‘lsa, u intizomiy jazoga tortilmagan deb hisoblanadi. Bunda intizomiy jazo chorasining muddati davlat organi rahbarining tegishli qarori chiqarilmagan holda, avtomatik tarzda tugaydi.
    Davlat organi rahbari intizomiy jazo chorasini o‘z tashabbusiga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatchisining bevosita rahbarining, kasaba uyushmasining (mavjud bo‘lgan taqdirda) iltimosnomasiga binoan, shuningdek davlat fuqarolik xizmatchisining iltimosiga ko‘ra muddatidan ilgari olib tashlash huquqiga ega.
    49-modda. Xizmat tekshiruvi
    Xizmat tekshiruvi mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda davlat organi rahbarining qaroriga ko‘ra o‘tkaziladi. Davlat fuqarolik xizmatchisi o‘ziga nisbatan asossiz ayblovlar qo‘yilgan yoki xulosalar chiqarilgan deb hisoblaganda ham uning yozma arizasi asosida xizmat tekshiruvidan o‘tkazilishi mumkin.
    Xizmat tekshiruvi davomida quyidagilar aniqlanishi zarur:
    intizomiy qilmishga sabab bo‘lgan holatlar va shart-sharoitlar;
    davlat fuqarolik xizmatchisini intizomiy qilmishda ayblashning asosliligi yoki asossizligi;
    intizomiy qilmish natijasida yetkazilgan zararning o‘ziga xos xususiyati va miqdori;
    davlat fuqarolik xizmatchisining tushuntirishlari va yozma ravishda bergan talablarida ko‘rsatilgan vajlar.
    Davlat organidagi xizmat tekshiruvi davlat organining kadrlar bo‘linmasi, yuridik xizmati va boshqa bo‘linmalari, shuningdek kasaba uyushmasi (mavjud bo‘lgan taqdirda) vakillaridan iborat bo‘lgan xizmat tekshiruvini o‘tkazish bo‘yicha komissiya tomonidan o‘tkaziladi. Xizmat tekshiruvini o‘tkazish bo‘yicha komissiya tarkibiga davlat organining rahbari hamda xizmat tekshiruvi natijasidan manfaatdor bo‘lgan shaxslar kirishi mumkin emas.
    Xizmat tekshiruvini o‘tkazish zarur bo‘lgan hollarda, davlat organining rahbari davlat fuqarolik xizmatchisini xizmat tekshiruvi o‘tkazish mobaynida xizmat majburiyatlarini bajarishdan uning o‘rtacha ish haqini saqlab qolgan holda vaqtincha chetlatish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.
    Xizmat tekshiruvini o‘tkazish muddati o‘n besh ish kunidan oshmasligi kerak. Davlat organining rahbari xizmat tekshiruvini o‘tkazish bo‘yicha komissiyaning asoslantirilgan vajlari asosida xizmat tekshiruvini o‘tkazish muddatini yana o‘n besh ish kunigacha uzaytirishga haqli.
    Xizmat tekshiruvi natijasiga ko‘ra xizmat tekshiruvini o‘tkazish bo‘yicha komissiyaning dalolatnomasi tuziladi va davlat fuqarolik xizmatchisiga nisbatan intizomiy jazo chorasini qo‘llash yoki qo‘llamaslik to‘g‘risidagi xulosa tayyorlanadi. Xizmat tekshiruvini o‘tkazish bo‘yicha komissiyaning xulosasi davlat organi rahbari tomonidan rad etilishi yoki davlat fuqarolik xizmatchisiga nisbatan intizomiy jazo chorasini qo‘llash uchun asos bo‘lishi mumkin.
    8-bob. Davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatining tugatilishi
    50-modda. Davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatini tugatish asoslari
    Davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatini tugatish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
    mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq mehnat shartnomasining bekor qilinganligi;
    O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligining davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan yo‘qotilganligi;
    davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatini davom ettirish imkoniyatini istisno etuvchi jazoga tortilganligiga doir sud hukmining qonuniy kuchga kirganligi, shuningdek unga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi sudning ajrimi;
    davlat fuqarolik xizmatchisining davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallashi uchun ahamiyatga ega bo‘lgan yolg‘on axborot taqdim etilganligi;
    davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik sodir etilganligi;
    davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq cheklovlarga davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan rioya etilmaganligi.
    Davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatining tugatilganligi davlat fuqarolik xizmatchisi huquqiy maqomining yo‘qotilishiga sabab bo‘ladi.
    51-modda. Davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatining qonunga xilof ravishda tugatilishi oqibatlari
    Davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatining qonunga xilof ravishda tugatilganligi aniqlangan taqdirda davlat fuqarolik xizmatchisi avvalgi davlat fuqarolik xizmati lavozimiga tiklanadi, buning imkoni bo‘lmaganda esa (davlat organining tugatilganligi, shtatlar qisqartirishga sabab bo‘ladigan tarzda o‘zgartirilganligi yoki ushbu xizmatchini avvalgi davlat fuqarolik xizmati lavozimiga tiklashga monelik qiladigan, qonunda nazarda tutilgan boshqa asoslar mavjud bo‘lganda) avvalgi lavozimiga teng bo‘lgan boshqa davlat fuqarolik xizmati lavozimiga tayinlanadi.
    Davlat fuqarolik xizmati lavozimiga tiklangan davlat fuqarolik xizmatchisiga uning faoliyati qonunga xilof ravishda tugatilganligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rni O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
    Davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatining qonunga xilof ravishda tugatilishida aybdor bo‘lgan shaxs qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi. Davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatining qonunga xilof ravishda tugatilishi bilan bog‘liq zararning miqdori aybdor shaxsdan regress tartibida undiriladi.
    9-bob. Davlat fuqarolik xizmatchisini huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilish
    52-modda. Davlat fuqarolik xizmatchisini huquqiy jihatdan himoya qilish
    Davlat fuqarolik xizmatchisi davlat organining qonunga xilof qarorlari, shuningdek ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) ustidan yuqori turuvchi davlat organiga yoki maxsus vakolatli davlat organiga yoxud sudga shikoyat qilishga haqli.
    Davlat organining qonunga xilof qarorlari, shuningdek ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) natijasida davlat fuqarolik xizmatchisining buzilgan, nizolashilayotgan huquqlarini, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
    Davlat fuqarolik xizmatchisiga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash va ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish bilan bog‘liq nizolar fuqarolik protsessual qonunchilik bilan belgilangan tartibda hal etiladi.
    53-modda. Davlat fuqarolik xizmatchisini ijtimoiy jihatdan himoya qilish
    Davlat fuqarolik xizmatchisini ijtimoiy jihatdan himoya qilish davlat tomonidan quyidagilar orqali ta’minlanadi:
    mehnat ta’tili va ijtimoiy ta’tillar berish;
    hayoti va sog‘lig‘ini majburiy sug‘urta qilish;
    hayotiga, sog‘lig‘iga va mol-mulkiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash;
    davlat pensiya ta’minoti.
    Davlat fuqarolik xizmatchisiga quyidagi ijtimoiy himoya choralari kafolatlanadi:
    tibbiy xizmat ko‘rsatish;
    rotatsiya tartibida boshqa davlat fuqarolik xizmati lavozimiga o‘tkazilishi bilan bog‘liq xarajatlarning, shu jumladan yashash va transport xarajatlarining o‘rnini qoplash;
    xizmat uy-joylari, xizmat transporti bilan yoki uy-joy va transport xarajatlari uchun pulli kompensatsiya bilan qonunchilikda belgilangan hollarda hamda tartibda ta’minlash.
    Davlat fuqarolik xizmatchisiga qonunchilikka muvofiq boshqa ijtimoiy himoya choralari ham qo‘llanilishi mumkin.
    Davlat fuqarolik xizmatchisiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga qonunchilikda belgilangan asoslarda va miqdorlarda to‘lanadigan barcha turdagi ijtimoiy nafaqalar tatbiq etiladi.
    Ijtimoiy nafaqalarni to‘lash O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi, bundan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan to‘lovlar mustasno.
    54-modda. Davlat fuqarolik xizmatchisining mehnat va ijtimoiy ta’tillari
    Davlat fuqarolik xizmatchisiga davomiyligi yigirma yetti kalendar kunidan kam bo‘lmagan yillik asosiy ta’til beriladi.
    Davlat fuqarolik xizmatchisiga ko‘p yillik xizmati va alohida mehnat sharoitlari uchun yillik qo‘shimcha mehnat ta’tillari beriladi.
    Ko‘p yillik xizmati va alohida mehnat sharoitlari uchun yillik qo‘shimcha mehnat ta’tillarini berish tartibi hamda ularning davomiyligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
    Davlat fuqarolik xizmati lavozimining toifasiga qarab qonunchilikda yillik asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillarining boshqacha davomiyligi belgilanishi mumkin.
    Davlat fuqarolik xizmatchisiga ijtimoiy ta’tillar berish mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
    55-modda. Davlat fuqarolik xizmatchisining hayoti va sog‘lig‘ini majburiy sug‘urta qilish
    Davlat fuqarolik xizmatchisining hayoti va sog‘lig‘i davlatning muhofazasida bo‘ladi hamda qonunchilikda belgilangan tartibda majburiy sug‘urta qilinadi.
    56-modda. Davlat fuqarolik xizmatchisining hayotiga, sog‘lig‘iga va mol-mulkiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash
    Davlat fuqarolik xizmatchisining hayoti yoki sog‘lig‘iga mehnatda mayib bo‘lishi, kasb kasalligiga chalinganligi yoki sog‘lig‘i o‘z xizmat majburiyatlarini bajarishi chog‘ida boshqacha tarzda shikastlanganligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rni qonunda belgilangan tartibda davlat organi tomonidan qoplanadi.
    Davlat fuqarolik xizmatchisi xizmat majburiyatlarini bajarayotganda vafot etgan taqdirda, uning qaramog‘ida bo‘lgan oila a’zolariga davlat organi tomonidan vafot etgan shaxsning o‘rtacha yillik ish haqining olti baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda bir yo‘la to‘lanadigan nafaqa ularning soniga teng taqsimlangan holda beriladi.
    Xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq holda davlat fuqarolik xizmatchisining mol-mulkiga yetkazilgan zararning o‘rni O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining mablag‘lari hisobidan to‘liq hajmda qoplanadi, ushbu summa miqdori keyinchalik aybdor shaxslardan regress tartibida undiriladi.
    Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan ziyonning, zararning o‘rnini qoplash bo‘yicha to‘lovlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
    57-modda. Davlat pensiya ta’minoti
    O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga tayinlanadigan barcha turdagi davlat pensiyalari davlat fuqarolik xizmatchisiga nisbatan qonunda belgilangan asoslarga ko‘ra qo‘llaniladi.
    Vafot etgan davlat fuqarolik xizmatchisining qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz oila a’zolari boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini olish huquqiga ega.
    Davlat fuqarolik xizmatchisining davlat pensiya ta’minoti O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
    Davlat fuqarolik xizmatchilariga pensiyalarni tayinlash, hisoblab chiqarish tartibi, ularning miqdorlari hamda davlat pensiya ta’minoti bo‘yicha qo‘shimcha ijtimoiy kafolatlar fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilanadi.
    10-bob. Yakunlovchi qoidalar
    58-modda. Davlat fuqarolik xizmati sohasidagi tadbirlarni moliyalashtirish
    Davlat fuqarolik xizmati sohasidagi tadbirlarni moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
    59-modda. Xalqaro hamkorlik
    Davlat fuqarolik xizmati sohasidagi xalqaro hamkorlik xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga hamda xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.
    60-modda. Nizolarni hal etish
    Davlat fuqarolik xizmati sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
    61-modda. Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
    Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
    62-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash
    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
    63-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
    O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
    hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
    davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
    64-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
    Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
    O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
    Toshkent sh.,
    2022-yil 8-avgust,
    O‘RQ-788-son


    (Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.08.2022-y., 03/22/788/0723-son)

    Download 104,85 Kb.
    1   2   3




    Download 104,85 Kb.

    Bosh sahifa
    Aloqalar

        Bosh sahifa



    Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining guruhlari

    Download 104,85 Kb.