|
1. Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat xizmati. Arxiv ishi
|
bet | 2/3 | Sana | 09.02.2024 | Hajmi | 104,85 Kb. | | #153589 |
Bog'liq O‘RQ-788 08.08.2022davlat fuqarolik xizmati — davlat xizmatining bir turi bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining davlat fuqarolik xizmati lavozimlaridagi davlat organlari vakolatlari amalga oshirilishini ta’minlashga doir haq to‘lanadigan kasbiy faoliyatini ifodalaydi;
davlat fuqarolik xizmatchisining kasbiy kompetensiyasi — davlat organining vakolatlarini lozim darajada amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan bilimlar, malakalar va ko‘nikmalar majmui;
davlat fuqarolik xizmati lavozimi — davlat organining vakolatlarini amalga oshirish uchun Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestriga kiritilgan lavozim;
Davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalari — davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan rioya etilishi shart bo‘lgan odob-axloq normalari majmui;
malaka talablari — davlat fuqarolik xizmatining muayyan malaka darajasi berilishi va (yoki) davlat fuqarolik xizmatining muayyan lavozimini egallash uchun talabgor bo‘layotgan nomzodlarga nisbatan davlat organi tomonidan belgilanadigan, ish tajribasiga va kasbiy kompetensiyasiga doir talablar.
5-modda. Davlat fuqarolik xizmatining asosiy prinsiplari
Davlat fuqarolik xizmatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
davlat fuqarolik xizmati tizimining yagonaligi va barqarorligi;
qonuniylik;
adolatlilik;
xalqqa xizmat qilish;
davlat organlarining va mansabdor shaxslarning jamiyat hamda fuqarolar oldida mas’ulligi;
inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi;
ochiqlik va shaffoflik;
xolislik, professionallik va kompetentlik;
davlat fuqarolik xizmatiga kirishda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarning teng huquqliligi;
davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilinishi.
2-bob. Davlat fuqarolik xizmati sohasida davlat boshqaruvi
6-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat fuqarolik xizmati sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti:
davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish va takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi;
davlat fuqarolik xizmatini tashkil etish bilan bog‘liq tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni belgilaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakolatlariga taalluqli davlat fuqarolik xizmati lavozimiga shaxslarni tayinlaydi va lavozimidan ozod qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
7-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining davlat fuqarolik xizmati sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
vazirliklarning, davlat qo‘mitalarining va boshqa davlat boshqaruvi organlarining davlat fuqarolik xizmati sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining vakolatlariga taalluqli davlat fuqarolik xizmati lavozimiga shaxslarni tayinlaydi va lavozimidan ozod qiladi;
davlat fuqarolik xizmati sohasidagi davlat dasturlari va loyihalarining moliyaviy-iqtisodiy mexanizmlari ishlab chiqilishini o‘z vakolatlari doirasida ta’minlaydi hamda ularni tasdiqlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
8-modda. Maxsus vakolatli davlat organining davlat fuqarolik xizmati sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi davlat fuqarolik xizmati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Maxsus vakolatli davlat organi:
davlat fuqarolik xizmati sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
davlat fuqarolik xizmati sohasidagi davlat dasturlari va loyihalarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
davlat organlarining kadrlar siyosati sohasidagi faoliyatini o‘z vakolatlari doirasida muvofiqlashtiradi;
davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish jarayonlari va istiqbollarining monitoringi hamda tahlilini amalga oshiradi, shuningdek mazkur sohani takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;
davlat organlari rahbarlariga davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risidagi qonunchilikning aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritadi;
davlat fuqarolik xizmati sohasida kadrlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirishning innovatsion usullarini joriy etadi;
davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyati samaradorligini baholashning (eng muhim ko‘rsatkichlariga oid) o‘lchanadigan indikatorlar tizimini joriy etadi va ularning natijalarini tahlil qiladi, jamoatchilik fikrini o‘rganadi hamda davlat organlari rahbarlarining ochiq reytingini shakllantirishda ishtirok etadi;
kadrlarni davlat fuqarolik xizmatiga tanlov asosida qabul qilishni tashkillashtiradi;
davlat fuqarolik xizmati sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etadi va ularni izchil takomillashtirib boradi, davlat fuqarolik xizmatchilarining shaxsiga doir ma’lumotlarning xavfsizligini ta’minlagan holda ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini shakllantiradi;
davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, shuningdek ularning mehnat faoliyati va ijtimoiy jihatdan himoya qilinishi uchun tegishli shart-sharoitlar yaratishga ko‘maklashadi;
davlat fuqarolik xizmati sohasida chet davlatlarning davlat organlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni amalga oshiradi, mazkur sohada O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tuzishda ishtirok etadi.
Maxsus vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
9-modda. Davlat organlarining davlat fuqarolik xizmati sohasidagi vakolatlari
Davlat organlari:
davlat organlarida davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risidagi qonunchilikning ijrosini ta’minlaydi;
kadrlarni saralash va tanlash, davlat fuqarolik xizmatchilariga davlat fuqarolik xizmati lavozimlari malaka darajalari berish hamda xizmat tekshiruvlari o‘tkazish bo‘yicha komissiyalarning faoliyatini tashkil etadi;
davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan xizmat majburiyatlarining bajarilishini va davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq bo‘lgan cheklovlarga rioya etilishini nazorat qiladi;
davlat fuqarolik xizmatchilarini qayta tayyorlashni, ularning malakasi oshirilishini va ta’lim olishini muntazam ravishda tashkil etadi.
Davlat organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan vakolatlarni amalga oshirish maqsadida davlat organlarida kadrlar bo‘linmalari faoliyat yuritadi.
3-bob. Davlat fuqarolik xizmatchisining huquqiy maqomi
10-modda. Davlat fuqarolik xizmatchisi
Davlat fuqarolik xizmati lavozimida o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi davlat fuqarolik xizmatchisidir.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi davlat fuqarolik xizmati lavozimiga tayinlangan paytdan e’tiboran davlat fuqarolik xizmatchisining huquqiy maqomiga ega bo‘ladi va davlat fuqarolik xizmatchisining faoliyati tugatilishi munosabati bilan uni yo‘qotadi.
Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining siyosiy guruhiga taalluqli davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqiy maqomi bilan bog‘liq bo‘lgan qo‘shimcha huquqlar, majburiyatlar va cheklovlar alohida qonunchilik bilan belgilanadi.
11-modda. Davlat fuqarolik xizmatchisining huquqlari
Davlat fuqarolik xizmatchisi quyidagi huquqlarga ega:
o‘z zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarning o‘ziga xos xususiyati va murakkabligiga, bajarilgan ishlarning miqdori hamda sifatiga muvofiq o‘z vaqtida va to‘liq hajmda ish haqi olish;
kasbiy kompetensiyalari va alohida xizmatlari uchun rag‘batlantirilish;
davlat organining mablag‘lari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan muntazam ravishda malakasini oshirib borish;
mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda hamda shartlarda mehnat shartnomasiga o‘zgartishlar kiritish va shartnomani bekor qilish;
o‘z mansab vakolatlarini, xizmat majburiyatlarini va javobgarligini belgilovchi lavozim yo‘riqnomasi va boshqa hujjatlar bilan tanishish;
mehnatni muhofaza qilish talablariga muvofiq bo‘lgan ish o‘rniga ega bo‘lish;
ish vaqti davomiyligining chegarasini, ayrim davlat fuqarolik xizmatchilari uchun qisqartirilgan ish vaqtini belgilash, har haftalik dam olish kunlari, ishlanmaydigan bayram kunlari, shuningdek yillik mehnat ta’tillari berish orqali ta’minlanadigan tarzda dam olish;
qonunchilikka muvofiq huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilinish, shuningdek davlat pensiya ta’minotini olish;
davlat organining qonunga xilof qarorlari va uning mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish;
davlat organi rahbariyatining noqonuniy topshiriq va talablarini bajarishdan bosh tortish;
davlat fuqarolik xizmatidagi korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar faktlari to‘g‘risida xabar bergan taqdirda, davlat himoyasi bilan ta’minlanish;
xizmatga oid masalalar yuzasidan davlat organining rahbariyatiga o‘z fikrini bildirish, o‘zi davlat fuqarolik xizmatini o‘tayotgan davlat organining faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish;
o‘zining sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si davlat organining rahbariyati hamda boshqa mansabdor shaxslar tomonidan hurmat qilinishi;
davlat organi tomonidan qayta tayyorlash va malaka oshirishga yuborilgan taqdirda, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda davlat fuqarolik xizmati lavozimining va ish haqining saqlanib qolishi;
qonunchilikda belgilangan tartibda davlat fuqarolik xizmatini o‘tash vaqtida yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplanishi va ma’naviy ziyonning kompensatsiya qilinishi;
o‘zining mehnat huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilish;
davlat fuqarolik xizmati masalalari yuzasidan maxsus vakolatli davlat organiga murojaat qilish;
o‘zining shaxsiy hujjatlari to‘plami bilan tanishish.
Davlat fuqarolik xizmatchisi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
12-modda. Davlat fuqarolik xizmatchisining majburiyatlari
Davlat fuqarolik xizmatchisi:
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va boshqa qonunchilik hujjatlariga rioya etishi;
o‘z xizmat majburiyatlarini vijdonan bajarishi, davlat organi tomonidan belgilangan odob-axloq qoidalariga, xizmatga oid axborot bilan ishlash tartibiga, shuningdek davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq boshqa qoidalarga rioya etishi;
ushbu Qonunda belgilangan, davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq bo‘lgan cheklovlarga rioya etishi;
manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymasligi, beg‘araz va xolis bo‘lishi;
davlat organining nufuzini tushirishga olib kelishi yoki uning o‘z xizmat majburiyatlarini vijdonan bajarishiga shubha tug‘dirishi mumkin bo‘lgan harakatlardan (harakatsizlikdan), shu jumladan o‘z xizmat majburiyatlarini bajarayotganda har qanday shakldagi kamsitishdan, noxolislikdan yoki kimgadir nisbatan alohida munosabatda bo‘lishdan tiyilishi;
o‘z xizmat mavqeyidan shaxsiy va boshqa g‘ayriqonuniy maqsadlarda foydalanmasligi, shuningdek o‘z xizmat faoliyatiga, davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari va fuqarolarning faoliyatiga qonunga xilof ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymasligi;
davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarni muhofaza qilish to‘g‘risidagi talablarga rioya etishi, shuningdek o‘z xizmat majburiyatlarini bajarishi chog‘ida olingan mazkur ma’lumotlarni oshkor qilmasligi, shu jumladan davlat fuqarolik xizmatchisining faoliyati tugaganidan keyin oshkor etmasligi;
qonunda belgilangan muddatlarda va tartibda daromadlari va mol-mulki to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etishi;
davlat mulkining but saqlanishini ta’minlashi, o‘ziga ishonib topshirilgan davlat mulkidan faqat xizmat maqsadlarida foydalanishi;
o‘zining kasbiy kompetensiyasini muntazam ravishda oshirib borishi shart.
Davlat fuqarolik xizmatchilarining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
13-modda. Davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar
Davlat fuqarolik xizmatchisi quyidagilarga haqli emas:
o‘zaro yaqin qarindoshlikda yoki quda tomondan qarindosh bo‘lgan shaxslar bilan (ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, o‘g‘illar, qizlar, er-xotinlar, shuningdek er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va farzandlari) aynan bitta davlat organida birga xizmat qilishi, agar ularning birga xizmat qilishi ulardan birining ikkinchisiga bevosita bo‘ysunishiga yoki uning nazorati ostida bo‘ladigan davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallashga, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno;
pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishga, O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno;
tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga;
tadbirkorlik faoliyati subyektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishga, tadbirkorlik faoliyati subyektida tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini bajarishga, bundan aksiyadorlik jamiyatlarining erkin muomalada bo‘lgan aksiyalariga qonunchilikda belgilangan talablar doirasida egalik qilish hollari mustasno;
o‘zi xizmat qilayotgan davlat organi nazorati ostidagi yoki u bilan aloqalar va manfaatlarga ega bo‘lgan tashkilotlardagi ulushlarni, paylarni va aksiyalarni bevosita yoki vakillar orqali olishga;
o‘z xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan biron-bir mukofot, foyda yoki sovg‘alar olishga;
chet davlat fuqaroligini olishga;
qonunchilikda nazarda tutilmagan imtiyozlar, preferensiyalar yoki afzalliklardan o‘z xizmat mavqeyi bilan bog‘liq holda foydalanishga;
O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida hisobvaraqlar ochishga va ularga ega bo‘lishga, ko‘chmas mulkka va boshqa mol-mulkka egalik qilishga, bundan chet davlatda ta’lim olish, stajirovka o‘tash va tibbiy xizmatlardan foydalanish maqsadida ochilgan hisobvaraqlar, shuningdek davlat fuqarolik xizmatiga kirishdan oldin olingan va oshkor qilingan mol-mulk mustasno;
o‘zining vakolatlarini siyosiy partiyalarning, boshqa jamoat birlashmalarining va ular organlarining manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirishga.
Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan shaxs davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilingandan so‘ng tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatib turish tartibi qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
Davlat fuqarolik xizmatchisi shug‘ullanishi mumkin bo‘lmagan haq to‘lanadigan faoliyat turlari ro‘yxati korrupsiyaga qarshi kurashish va davlat fuqarolik xizmati bo‘yicha maxsus vakolatli davlat organlari tomonidan belgilanadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan cheklovlarga rioya etmaganlik davlat fuqarolik xizmatchisini qonunga muvofiq intizomiy va boshqa javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.
14-modda. Davlat fuqarolik xizmatchisining javobgarligi
Davlat fuqarolik xizmatchisining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi), shuningdek xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarmaganligi qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Davlat fuqarolik xizmatchisining harakatlari (harakatsizligi) o‘zining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishiga sabab bo‘ldi deb hisoblovchi jismoniy yoki yuridik shaxs bunday harakatlar (harakatsizlik) ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishga haqli.
Davlat fuqarolik xizmatchisining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) tufayli jismoniy yoki yuridik shaxslarga yetkazilgan zararning o‘rni qonunchilikda belgilangan tartibda davlat organi tomonidan qoplanib, ushbu zarar keyinchalik aybdor bo‘lgan davlat fuqarolik xizmatchisidan undirib olinadi.
Davlat organi rahbarining yoki mansabdor shaxslarning qonunga xilof topshirig‘ini bajarish natijasida davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan yetkazilgan zararning o‘rni qonunchilikda belgilangan tartibda davlat organi tomonidan qoplanadi. Zarar miqdori qonunga xilof topshiriqni bergan davlat organi rahbaridan yoki mansabdor shaxsidan regress tartibida undiriladi.
4-bob. Davlat fuqarolik xizmati sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish
15-modda. Davlat fuqarolik xizmati sohasida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar
Davlat fuqarolik xizmati sohasida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar quyidagilardan iborat:
davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘yilmasligi;
Davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash;
davlat fuqarolik xizmatchisining manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish va hal qilishning tashkiliy-huquqiy asoslarini yaratish, ularga rioya etilishi ustidan monitoring va nazorat o‘tkazilishini ta’minlash;
davlat fuqarolik xizmatchisining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiyalash tizimini joriy etish;
davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan sovg‘alar olish va berish tartibini belgilash;
davlat fuqarolik xizmatchisining ijtimoiy jihatdan himoya qilinishini, moddiy ta’minot olishini va rag‘batlantirilishini ta’minlash.
Qonunchilikda davlat fuqarolik xizmati sohasida korrupsiyaning oldini olishga doir boshqa chora-tadbirlar ham nazarda tutilishi mumkin.
16-modda. Davlat fuqarolik xizmatchisining korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabati
Davlat fuqarolik xizmatchisi korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lishi va korrupsiyaga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlarning (harakatsizlikning) oldini olishi shart.
Agar davlat fuqarolik xizmatchisi korrupsiya faktlari to‘g‘risidagi axborotga ega bo‘lsa, u korrupsiyaning oldini olish uchun zarur choralar ko‘rishi, shu jumladan yuqori turuvchi davlat organini (mansabdor shaxsini) yoki korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus vakolatli davlat organini darhol xabar qilishi yoxud huquqni muhofaza qiluvchi organga murojaat etishi kerak.
Korrupsiya faktlari to‘g‘risida xabar bergan davlat fuqarolik xizmatchisiga qonunchilikda belgilangan tartibda davlat himoyasi ta’minlanadi.
17-modda. Davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalari
Davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalarida quyidagilar belgilanadi:
rahbarlar, bo‘ysunuvdagilar va boshqa davlat fuqarolik xizmatchilari o‘rtasidagi o‘zaro axloqiy munosabatlar;
davlat fuqarolik xizmatchisining ishchanlik obro‘siga va davlat fuqarolik xizmatining nufuziga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan harakatlar (harakatsizlik);
davlat fuqarolik xizmatchisining xizmat faoliyatidagi va xizmatdan tashqaridagi xulq-atvorining asosiy qoidalari.
Davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalarini buzish ularni qonunga muvofiq intizomiy va boshqa javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.
Davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat davlat organlarining kadrlar bo‘linmalari yoki odob-axloq komissiyalari, shuningdek maxsus vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalari qonunchilikda belgilanadi. Har bir davlat organi Davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalari asosida faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda o‘zining ichki odob-axloq qoidalarini tasdiqlaydi.
18-modda. Davlat fuqarolik xizmatida sovg‘alarga nisbatan munosabatda bo‘lish shartlari
Davlat fuqarolik xizmatida davlat fuqarolik xizmatchisiga (uning oila a’zolariga) bepul berilgan, moddiy qimmatga ega bo‘lgan mol-mulk yoki davlat fuqarolik xizmatchisiga (uning oila a’zolariga) beg‘araz ko‘rsatilgan xizmat sovg‘a hisoblanadi.
Davlat fuqarolik xizmatchisining xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslar manfaatlarini ko‘zlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan har qanday sovg‘alar olish taqiqlanadi. Bundan davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan alohida xizmatlari uchun davlat organining tegishli qarori asosida olingan sovg‘alar, shuningdek musobaqalar va tanlovlarda erishgan yutuqlari, davlat bayramlari, nishonlanadigan sanalar hamda boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan mukofotlash natijasida olingan sovg‘alar mustasno.
Davlat fuqarolik xizmatchilari xizmat safarlari vaqtida, shuningdek xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan sovg‘alar olishi mumkin.
Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin bo‘lgan sovg‘a qiymati, shuningdek uni tasarruf etish tartibi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
19-modda. Manfaatlar to‘qnashuvi
Manfaatlar to‘qnashuvi davlat fuqarolik xizmatchisining shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning o‘z xizmat vakolatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatadigan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda fuqarolarning, jamiyatning yoki davlat organining shaxsiy manfaatdorligi va huquqlari, qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga keladigan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatdir.
Manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan taqdirda, davlat fuqarolik xizmatchisi o‘zining rahbariga yoki yuqori turuvchi davlat organiga darhol yozma shaklda xabar qilishi kerak.
Manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi to‘g‘risida ma’lumotlar olgan davlat organining rahbari yoki yuqori turuvchi davlat organi ushbu to‘qnashuvni bartaraf etish yuzasidan o‘z vaqtida choralar ko‘rishi shart.
Manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish va hal etish tartibi qonun bilan belgilanadi.
20-modda. Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan daromadlari va mol-mulkini deklaratsiyalash
Davlat fuqarolik xizmatchisi qonunda belgilangan muddatlarda va tartibda daromadlari hamda mol-mulki to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etishi shart.
5-bob. Davlat fuqarolik xizmatini tashkil etish
21-modda. Davlat fuqarolik xizmati tizimi
Davlat fuqarolik xizmati tizimi davlat fuqarolik xizmatchilarini markazlashtirilgan tarzda tanlab olish, hisobga olish, joy-joyiga qo‘yish, ularning mehnatiga haq to‘lash, kasbiy kompetensiyasini oshirish va xizmatda lavozim bo‘yicha ko‘tarish mexanizmlarining yagona tashkiliy-huquqiy majmuidir.
Belgilangan malaka talablariga muvofiq bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolariga davlat fuqarolik xizmatiga kirish uchun teng imkoniyatlar kafolatlanadi.
Zimmasiga yuklatilgan vazifalarni samarali amalga oshirish uchun kasbiy kompetensiyasini shakllantirish davlat fuqarolik xizmatchisini qayta tayyorlashni, uning malakasini oshirishni, ta’lim olishini tashkil etish hisobidan ta’minlanadi.
Davlat fuqarolik xizmatchisini tegishli ravishda rag‘batlantirish va xizmatda lavozim bo‘yicha ko‘tarish uning kasbiy kompetensiyalarini hamda alohida xizmatlarini xolisona va adolatli baholash asosida ta’minlanadi.
22-modda. Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestri
Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestri davlat organi darajasidan (milliy, respublika, hududiy va tuman) kelib chiqqan holda, malaka talablariga muvofiq birxillashtirilgan va tasniflangan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining guruhlari hamda toifalaridan, shuningdek davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining malaka darajalaridan iborat bo‘ladi.
Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi hamda maxsus vakolatli davlat organi tomonidan yuritiladi.
Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestri, shuningdek unga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar maxsus vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
23-modda. Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining guruhlari va toifalari
Davlat fuqarolik xizmati lavozimlari siyosiy, boshqaruv va yordamchi lavozim guruhlaridan iboratdir. Bunda mazkur guruhlarga tegishli lavozimlarning toifalari Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestrida belgilanadi.
Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining siyosiy guruhiga taalluqli davlat fuqarolik xizmatchilarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish tartibi alohida qonunlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan belgilanadi.
Davlat fuqarolik xizmatchilari davlat fuqarolik xizmatining boshqaruv va yordamchi guruhlariga taalluqli davlat fuqarolik xizmati lavozimlariga tanlov asosida tayinlanadi hamda davlat organi rahbari tomonidan lavozimidan ozod qilinadi.
24-modda. Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining malaka darajalari
Davlat fuqarolik xizmatchilariga davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining guruhlari va toifalaridan kelib chiqqan holda davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining quyidagi malaka darajalari beriladi:
|
| |