32
•
Yangi bilim olishga qarab mo`ljal oladi. Olim ongli ravishda yangilik
sari intiladi.
Ilmiy muammolar
predmetga yoki protseduraga doir bo`ladi.
Predmetga doir muammolarda o`rganilayotgan ob`ektlar,
protseduraga doir
muammolarda esa – bilim olish va uni baholash usullari aks etadi.
O`z navbatida,
predmetga doir muammolarning empirik va kontseptual,
protseduraga doir muammolarning
metodologik va baholash bilan bog’liq turlari
farqlanadi.
Empirik muammolarni yechish uchun materialni sof nazariy tahlil qilish
bilan
bir qatorda, predmetlar bilan ma`lum amallarni bajarish lozim, vaholanki,
kontseptual muammolar borliqqa bevosita murojaat etishni talab qilmaydi.
Predmetga doir muammolardan farqli o`laroq, protseduraga doir muammolar
doim kontseptual xususiyatga ega bo`ladi; protseduraga doir muammolar
o`rtasidagi farq shunda ko`rinadiki, metodologik muammolar nisbiy mushohada
ko`rinishida yechimga ega bo`lishi mumkin emas, baholash bilan bog’liq
muammolar esa fanga mezon vazifasini bajaruvchi ko`rsatkichlar va mo`ljallarni
olib kiradi.
Empirik muammo avvalo ma`lumotlarni
izlashni nazarda tutadi; empirik
muammolarga kuzatish, eksperiment, o`lchash kabi ilmiy metodlar yordamida
javob topish mumkin. Bundan tashqari, yechimini topish uchun asboblar yasash,
reaktivlar tayyorlash va hokazolar kerak bo`lgan
muammo ham empirik
hisoblanadi.
Kontseptual muammolar ilgari olingan ko`p sonli ma`lumotlar bilan bog’liq
bo`lib, ularni tartibga solish va talqin qilish, oqibatlarni keltirib chiqarish va
gipotezalarni shakllantirish, mantiqiy izchillik talablariga muvofiq qarama-
qarshiliklarni bartaraf etishni nazarda tutadi.
Metodologik muammolar asosan tadqiqotni rejalashtirish bilan bog’liq:
ularni yechish yo`li bilan ayrim kelishuvlar tuziladi, muammoni yechish, kuzatish
va eksperimentlar o`tkazish tartibi aniqlanadi, mo`ljallanayotgan
kontseptual
protseduralar belgilanadi va h.k.
Baholash bilan bog’liq muammolar empirik ma`lumotlar, gipotezalar,
nazariyalar va shu kabilarni baholash, hatto muammoning o`zi qay darajada
to`g’ri tuzilgan va ta`riflanganligini baholashni nazarda tutadi.