4.3.5. Biomassaning atrof-muhitga ta’siri
Biomassadan yoqilg‘i sifatida foydalanish havoni uglerod va azot oksidlari va boshqa ko‘rinishlarda ifloslanishiga olib keladi. Ayrim hollarda bunday ifloslanish darajasi an’anaviy yoqilg‘ilar – ko‘mir yoki tabiiy gaz ta’sirida ifloslanishdan yuqori bo‘lishi mumkin. Shuningdek, biomassa global qizishning ikkinchi o‘rinda turuvchi yirik manbasi hisoblanadi. 2009-yilda Shved olimlari tomonidan davriy tarzda Shimoliy Osiyoning yirik hududlarini qoplab turuvchi qo‘ng‘ir tutunni
o‘rganish natijalari uning manbasi asosan biomassaning va kamroq darajada qazilma yoqilg‘ilarining yonishi ekanligini ko‘rsatdi.
Yonish natijasida biomassadan ajraluvchi uglerod atmosferaga uglerod ikki oksidiga aylanib chiqadi. Quruq daraxt tarkibida uglerodning miqdori uning og‘irligini taxminan 50% qismini tashkil etadi. Shu sababli tarkibida uglerod miqdori nisbatan kam bo‘lgan biomassa manbalaridan foydalanish tavsiya etiladi.
AQSHda hozirgi davrda mavjud bo‘lgan elektr energiya ishlab chiqaruvchi biomassa qurilmalarining umumiy quvvati 11000 MVt bo‘lib, bu mamlakatning yozgi davrdagi umumiy maksimal yuklamasini taxminan 1,4% ni tashkil etadi. Bugungi kunda Shimoliy Amerikada mavjud eng katta biomassa elektr stansiyasining quvvati 140 MVt ga teng bo‘lib, unda shakarqamish va shahar daraxt chiqindilari yoqilg‘i sifatida foydalaniladi. Bu qurilma yiliga elektr energiyasi ishlab chiqarishga sarflanuvchi bir million barrel neftni tejash va Florida shtatidagi yerlarni shakarqamish va shaharlarning daraxt chiqindalaridan tozalash imkonini beradi.
Biomassa elektr stansiyalarining iqtisodiy ko‘rsatkichlariga ularning biomassa manbalariga qanchalik yaqin joylarda qurilganligi kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli, ularni biomassa manbalariga yaqin joylarda qurishning imkoni bo‘lmagan hollarda transport xarajatlarini kamaytirish uchun biomassa manbalarini nisbatan arzon bo‘lgan suv yoki temir yo‘llari orqali tashib kelish imkoniyatlarini ta’minlash lozim. Odatdagi issiqlik stansiyalaridan farqli ravishda ishchi massa sifatida suv o‘rniga organik suyuqlikdan foydalanish hisobiga foydali ish koeffitsiyenti ancha yuqori bo‘lgan 1 MVt atrofidagi quvvatli biomassa elektr stansiyalarini qurish va foydalanish iqtisodiy jihatdan samarali hisoblanadi. Bunday biomassa elektr stansiyalarini Yevropa davlatlarida ko‘plab uchratish mumkin.
|