61
Bu marosim insonni uch marotaba suvga botirish
yoki boshidan suv quyish
bilan birga, ruhoniy tomonidan maxsus so‘zlarni aytish orqali amalga oshiriladi.
Injilga ko‘ra, cho‘qintirish va Muqaddas ruhning kelishi osmondan tug‘ilishning
maxsus shartlaridan biridir. Uning asosi sifatida Injildan misollar keltiriladi: “Iso
javob berdi: “Senga to‘g‘risini aytay, agar kim suvdan va Ruhdan tug‘ilmas ekan,
Xudo saltanatiga kirmaydi” (Ioanndan, 3:5).
Suvga botirish marosimi birinchi bo‘lib Ioann tomonidan amaliyotda
qo‘llangan. Shu kabi amaliyot Tavrotda aytib o‘tilgan “prozema”, ya’ni
“butparastlarni dinga kiritish marosimi”ga o‘xshab ketadi.
Unda erkaklar dinga
kirishi uchun xatna qilinishi kerak bo‘lsa, ayollar uchun esa faqat diniy ritualni
bajarish marosimi shart qilingan.
Xristianlikning har bir yo‘nalishida cho‘qintirish
marosimi turlicha talqin
etiladi. Pravoslav va katolik cherkovlarida cho‘qintirish sirli marosim sifatida e’tirof
etiladi. Bu hodisa Ioann cho‘qintiruvchining faoliyati ya’ni Iordan daryosida uning
oldiga keluvchi insonlarni suvda tozalanishi, yomon
illatlarni qayta qilmasliklari,
Masihni toza qalb bilan kutib olish maqsadida amalga oshirilgan. Masih kelishini
Ioann targ‘ib qilgan, cherkov nuqtai nazaridan cho‘qintirish paytida inson hayotda
shahvoniy jihatdan o‘lib, Muqaddas Ruh tomonidan ma’naviy hayotga qayta
tiriltiriladi degan aqida mavjud. Marosim vaqtida
inson nafaqat barcha qilgan
gunohlaridan poklanadi, shu jumladan, gunohlaridan ma’naviy forig‘ bo‘ladi.
Suv yordamida “o‘ldirish, jonsizlantirish” – mavjud bo‘lgan qusurlardan
tozalanish hisoblanadi. Albatta u mutlaq poklanish bo‘lmasada, to‘xtovsiz
yovuzlikni, yomonlikni to‘xtatadi, deb ta’kidlanadi.
Rim nomalarida bu haqda
shunday yoziladi: “Cho‘qintirilayotgan Iso bilan birga o‘lib, u bilan birga abadiy
hayotda tiriladi. Shunday qilib biz cho‘qintirilib u bilan birgalikda o‘limga dafn
qilindik, zeroki Ota nomi bilan Iso o‘liklardan tirilgani kabi, biz ham yangilangan
hayotda yashaymiz” (Rim, 6:4).
Cho‘qinishdan so‘ng inson gunoh ishlarni qilsa u Xudoning marhamatidan voz
kechgan bo‘ladi: “Agar Xudoni anglab, bizning xaloskorimiz Isoni tan olib turib,
eski yillariga, eski xolatiga qaytsalar, buning oxiri avvalgidan ham og‘irroqdir” (2
Petr, 2:20).
Cho‘qintirish marosimi xristian dinining eng muhim va asosiy marosimlaridan biridir. Bu
marosim asosan cherkovda o‘tkaziladi. Xristianlar e’tiqodiga ko‘ra, inson tug‘ma gunohkor bo‘lib
tug‘iladi va undan forig‘ bo‘lish uchun muqaddas suv yordamida poklanadi. Shundan so‘ng
poklangan bola cherkov a’zoligiga qabul qilinadi.
Cho‘qintirishga o‘xshagan marosim qadimgi Hindiston, Rim, Misr, Kichik Osiyo va boshqa
davlatlar hududlarida yashagan xalqlar orasida ham mavjud bo‘lgan. Xristianlikda cho‘qintirish
marosimi milodning I asri oxirlarida paydo bo‘lgan. IV asrda birinchi xristian jahon soborining
qaroriga muvofiq, bu marosim har bir xristian uchun majburiy deb e’tirof etilgan va “e’tiqod
ramzi” sifatida qabul qilingan. Shu vaqtdan boshlab “cho‘qintirilgan” so‘zi “xristian” degan so‘z
bilan teng ma’no kasb eta boshlagan.
Xristianlar boshqa dindagi hamma kishilarni “cho‘qinmaganlar” (“Isoni tanimaganlar”) deb
atay boshlaganlar. Cho‘qintirish marosimini tartibga solish
maqsadida Qadimgi Karfagen
cherkovi ishlab chiqqan 124 qoidadan birida ushbu normalar belgilangan: “Go‘daklar va yangi
tug‘ilgan chaqaloqlarni cho‘qintirmaganlarga la’nat bo‘lsin”.
62
Pravoslov yo‘nalishida cho‘qintirish marosimi asosan yangi tug‘ilgan chaqaloqqa
o‘tkaziladi. Ota-ona o‘z farzandlarining diniy bilimiga mas’ul bo‘lib, cho‘qintirilayotgan bola
e’tiqodiga kafil hisoblanadilar. Cho‘qintirilayotgan bola o‘g‘il bo‘lsa, uni erkak kishi ko‘taradi,
agarda qiz bo‘lsa, ayol kishi tomonidan amalga oshiriladi. Bu holatda
rohib ota-ona vazifasini
bajara olmaydi. Qadimda cho‘qintirish marosimini voyaga etganlar qalban his qilgandagina
o‘tkazilgan.
Xristianlikning ilk davrida ba’zilar go‘daklarni
gunohsiz deb bilib, agar olamdan o‘tsa
jannatga tushadi, shu sababli ularni go‘daklikda cho‘qintirish shart emas deb hisoblaganlar.
Boshqalar esa bolani cho‘qintirish lozimligini takidlaganlar. Ko‘p insonlar cho‘qintirish
marosimini juda ham ortga surganlar. Ba’zilar o‘limi oldidan bu marosimni o‘tkazganlar. Toki
ular umr mobaynida qilib o‘tgan gunohlaridan shu yo‘l bilan poklanib ketmoqchi bo‘lar edilar.
Shuning uchun cherkov bu an’anaga qarshi chiqib, go‘dak tug‘ilgan kundan boshlab sakkiz kun
ichida bu marosimni bajarish lozimligini talab darajasiga ko‘targan.