21-bob haqida umumiy maʼlumot
Veb-saytlarni bir nechta usuldan foydalanib yaratish mumkin.
Veb-saytingizni yaratish uchun qanday usulni tanlashingiz
kompyuter texnologiyalari sohasidagi oʻz bilimlaringiz,
yaratayotgan veb-saytingizning statik yoki dinamik boʻlishi
va uning koʻlamiga bogʻliq. Agar veb-saytingiz interaktiv yoki
multimedia veb-obyektlarini oʻz ichiga olmaydigan statik veb-
sayt boʻlsa, ayniqsa, HTML tilidan foydalanish boʻyicha yetarli
bilimga ega boʻlsangiz, uni HTML tilidan foydalanib, barcha
kompyuterlarda mavjud boʻlgan matn muharriri yordamida
yaratishga urinib koʻrishingiz mumkin. Shuningdek, siz onlayn
kontent boshqaruvi tizimi (CMS) yoki aksar veb-sayt yaratish
dasturlari paketidan foydalanishingiz ham mumkin. Buni
kompyuteringizga yuklab olish va oʻrnatish zarur. Lekin onlayn
kontent boshqaruvi tizimi (CMS) asosidagi veb-sayt bulutli
xizmat asosida ishlashi sababli undan foydalanish uchun
komyuteringizga hech narsani oʻrnatish shart emas.
Veb-saytlarni yaratish dasturi sizga desktop formatida veb-sayt
yaratish imkonini beradi. Bunday dastur siz yaratgan dizayn
asosida veb-sahifalar maketi uchun kerakli HTML kodlarni
avtomatik ravishda yaratadi. Odatda siz tegishli HTML koddan
foydalanib veb-sahifa dizaynini oʻzgartirish uchun grafik dizayn
va HTML kod orasida almashishingiz mumkin. Bundan tashqari,
veb-sahifalar animatsiyali elementlar, drag and drop funksiyalari
va bosiladigan obyektlar kabi turli interfaol elementlarga ega
boʻladi. Bunday elementlarni yaratish uchun JavaScript kabi
kompyuter dasturlash tillarida skriptlar yozish kerak.