Aylanma kapitalning aylanishini quyidagi ko‘rsatkichlar ifodalaydi:
1. Aylanma kapitalning aylanish soni (Ka). Bu quyidagi formula bilan aniqlanadi:
Ka = Sm / Am (3.)
Bunda:
Sm – sotilgan mahsulot qiymati, so‘m:
Am – aylanma mablag‘larning o‘rtacha qoldig’i, so’m.
Masalan, Ka =2000:500 =4 Aylanma kapitalning aylanish soni 4 marta.
2. Aylanma kapitalning bir aylanishiga ketgan vaqt, kun hisobida. Bu ko‘rsatkich quyidagi formula bilan aniqlanadi:
K=T:Ka (4.)
Masalan, K=360:4=90 kun, bunda aylanma kapitalning bir aylanishiga ketgan vaqt 90 kunni tashkil etmoqda.
3. Aylanma mablag‘lardan foydalanish samaradorligi mahsulotning materiallarga bo‘lgan talab koefitsienti bilan aniqlanadi.
Ms=M:Sm (5.)
bunda,
Ms - material sig‘imi;
M - sarflangan aylanma mablag‘lar, so‘m.
Sm - sotilgan mahsulot qiymati, so‘m.
Misol, Ms=300:1000=0,30 yoki 30%.
4. Aylanma mablag‘lardan foydalanish samaradorligi (Ams). Bu ko‘rsatkich yuqoridagining teskarisi: Ams = Sm : M =1000 : 300 =3,3
Korxonaning aylanma mablag‘lari kengaytirilgan takror ishlab chiqarish jarayonida muhim rol o‘ynaydi. Chunki ular ishlab chiqarish jarayonining uzluksizligiga sharoit yaratib boradilar. Aylanma mablag‘lari kamayib ketgan korxona (firma)lar bankrotlikka yuz tutadilar.
Tashkil etilish usuliga qarab aylanma mablag‘lar normallashtiriladigan va normallashtirilmaydigan mablag‘larga bo‘linadi.
Normallashtiriladigan aylanma mablag‘lar korxonaning uzluksiz ishlashini ta’minlash uchun kerak bo‘lgan mablag‘larning minimal mikdoridir.
Aylanma mablag‘larning aylanish davri 3 qismdan iborat bo‘ladi:
1. Mablag‘larning ishlab chiqarishdagi jamg‘arma shakli;
2. Ishlab chiqarish jarayonidagi shakli;
3. Tayyor mahsulot yoki hisob-kitob schyotidagi shakli.
Normallashtirishning asosiy vazifasi ishlab chikarish jamg‘armalarini, tugullanmagan ishlab chiqarish xajmini, tayyor mahsulot qoldig‘ini aniqlashdan iborat.
Normalarga binoan ishlab chiqarish jamg‘armalari rejalashtiriladi. Ularning miqdori korxonalarda kamroq, lekin ishlab chiqarish jarayoniga yetarli bo‘lishi kerak.
Har bir korxona aylanma mablag‘larni saqlash va ulardan oqilona foydalanishni va ularning aylanishini tezlashtirishni ta’minlashi kerak. Faqat shundagina u samarali ishlagan bo‘ladi. Aylanma mablag‘larning iqtisodiy samaradorligi ularning doiraviy shaklda aylanishi tezlashishidir. Bunga erishilganda ortiqcha mablag‘larning bo‘shashiga va ular boshqa maqsadlarda qo‘llanishiga sharoit yaratiladi.
|