|
I BOB. YOSHLAR HUQUQIY SAVODXONLIGINI OSHIRISHDA HUQUQ FANLARININI O’QITISH NAZARIY-METODOLOGIK ASOSLARI
|
bet | 4/9 | Sana | 21.05.2024 | Hajmi | 95,93 Kb. | | #248820 |
Bog'liq Sharofidinova MehronaI BOB. YOSHLAR HUQUQIY SAVODXONLIGINI OSHIRISHDA HUQUQ FANLARININI O’QITISH NAZARIY-METODOLOGIK ASOSLARI.
Yoshlar huquqiy savodxonligini oshirishda huquqiy bilim, huquqiy ong tushunchalari va ularning talqinlari.
Huquqiy savodxonligini oshirishda demokratik qadriyatlarning o‘rnini tadqiq etish – huquqiy ongning tushunchasi, uning tuzilishi va shakllanishi jarayoniga oid ilmiy fikrlarni umumlashtirishni taqozo etadi.
Aytish lozimki, huquqiy ong, uning tushunchasi va tuzilishi haqida “Davlat va huquq nazariyasi”, shuningdek, “Tarbiya” fanlari bo‘yicha chop etilgan darsliklarda batafsil ma’lumotlarni uchratish mumkin. Bu holda, ushbu masalalar yuzasidan fikr yuritishga ehtiyoj nimada? – degan savol ko‘ndalang bo‘lishi mumkin. Gap shundaki, ilmiy adabiyotlarda keyingi yillarda, aniqrog‘i eski tuzum barham topganidan keyin, jamiyatda huquqiy ong inqirozi haqida fikrlar yuritilmoqda. Bunday holatning obyektiv va subyektiv tusdagi sabablari bor, albatta.
“Bir tuzumdan o‘tib, yangi demokratik davlat barpo etish jarayoni benihoya murakkab ekanligi hamma boxabar bo‘lgan holat. Murakkab o‘tish davrida insonlar ruhiyatida, ongida jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘lib, unda eski qadriyatlardan voz kechish va yangilarini qabul qilish jarayoni yuz beradi va u og‘riqli, o‘tkir palladir. Taniqli huquqshunos olim V.S.Nersesyans ta’kidlaganidek, bu davrda, bir tomondan, odamlarda tezgina huquqiy ijtimoiy davlat qurish, insonlarni byurokratlashgan amaldorlarning hamda jinoiy tuzilmalarning o‘zboshimchaligi va qonunni mensimasligidan himoya qila oladigan chinakam huquqiy tizimni yaratish imkoniyatiga nisbatan bo‘lgan ishonch kamaya bormoqda.
Ikkinchi tomondan esa, bugungi huquqiy ongda hali rivojlanmagan, ko‘p jihatlari bilan madaniylasha olmagan bozor g‘oyasining ta’siri katta. Ayni paytda, shu narsa ayonki, ma’rifiylashgan bozor munosabatlari uchun rivojlangan individual huquqiy ong, huquqning insonlar tomonidan qadrlanishi, individning huquqiy madaniyatga asoslangan mustaqil harakatlar sodir etishga, o‘zini-o‘zi tartibga solishga qodirligi juda zarurdir”14 .
Huquqiy ong inqirozi jamiyatdagi mavjud munosabatlar bilan Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan normalar o‘rtasidagi farq, huquqiy sohadagi ahvol, davlat organlari va mansabdor shaxslarning mas’uliyatining yetishmasligi kabi salbiy holatlar bilan tavsiflanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimov ta’kidlaganidek: “Bozor iqtisodiyotini shakllantirish sharoitida huquqiy madaniyatni oshirish muhim ish hisoblanadi. Shu bilan birga, huquqiy madaniyat saviyasi qabul qilingan qonunlar soni bilan emas, balki ushbu qonunlarning qay darajalarda rioya etilishi bilan belgilanadi. Ushbu muhim ishda odamlarda qonunlarga va normativ huquqiy hujjatlarga nisbatan chuqur hurmat hissini tarbiyalash alohida ahamiyatga egadir. Zero, huquqiy normalar odamlar ongiga singgan va ular orqali amal qilgan taqdirdagina yashaydi va ruyobga chiqadi”15 .
Bundan tashqari, huquqiy ongga oid manbalar va fikrlar ko‘pligiga qaramasdan, bu masalaga yondoshuvda muayyan noaniqliklar, turli fikrlar mavjudligi va ba’zan esa ularning bir-biriga zidligi holatini kuzatish mumkin. Shu bois, biz o‘z tadqiqotimiz doirasida huquqiy ong tushunchasi, uning tarkibiy tuzilishi bo‘yicha huquq nazariyasida aytilgan fikrlarni tanqidiy bir nazardan o‘tkazib, ulardagi umumiylik va o‘zgacha yondoshuvlarni aniqlashga harakat qilamiz.
Bizningcha, huquqiy ong haqida mushohada etishdan oldin, dastlab ijtimoiy ong haqida fikr yuritishimiz kerak bo‘ladi. Zero, huquqiy ong - umumiy ijtimoiy ongning bir tarkibiy qismi, degan e’tirof hech kimda e’tiroz uyg‘otmasa kerak. Ijtimoiy ongning o‘zi nima? “Odamning ijtimoiy hayotni tushunishi, sezishi, unga munosabati uning ongida yuz beradi. Siyosiy ong, ijtimoiy ong iboralari ana shundan kelib chiqqandir. Voqelikning kishi miyasida uning butun ruhiy faoliyatini o‘z ichiga olgan va albatta, ma’lum maqsadga yo‘nalgan holda aks etishi ongning zuhuridir. Ong, shuningdek, kishining ruhiy, siyosiy, falsafiy nuqtai-nazarlari, diniy, badiiy qarashlarining ham majmui hisoblanadi. Ijtimoiy ong deganda mana shular tushuniladi”16 .
Demak, huquqiy ong jamiyat umumiy ongining bir qismi ekan, bu holda mantiqan unga umumiy ongga xos bo‘lgan jihat va xususiyatlar ham xos bo‘lishi tabiiydir. Ayni paytda, xuquqiy ong umumiy ongning aynan huquqiy borliqqa oid qismi ekan, demak unga umumiy ongga xos bo‘lmagan jihatlar mansub, degan xulosaga kelish mumkin. Biron-bir hodisaning mazmun va mohiyatiga yetib borish uchun unga berilgan ta’riflarga e’tibor berish zarur. Chunki definitsiyalarda obyekt hisoblangan narsa va hodisaning eng muhim, ahamiyatli jihatlari o‘zining ifodasini topadi.
Huquqiy ongga manbalarda berilgan ta’riflarga e’tibor qaratamiz: Prof. Z.M.Islomov huquqiy ongga shunday ta’rif beradi: “Huquqiy ongni mamlakat fuqarolarining ham amaldagi huquqqa, yuridik amaliyotga, fuqarolar huquqlari, erkinliklari, majburiyatlariga, ham orzu qilingan huquqqa va boshqa huquqiy hodisalarga munosabatini ifodalovchi huquqiy sezgilar, g‘oyalar, baholar, tasavvurlar tizimi sifatida ta’riflash mumkin”17. Bu ta’rifda huquqiy ong nimalar, ya’ni qanday omillar asosida shakllanishi masalasi e’tibordan chetda qolgan.
Professor Y.A.Dmitriyevning ta’rificha, “huquqiy ong bu insonlar va ularning turli birliklari hamda butun jamiyatning amaldagi huquq va huquqiy hodisalarga nisbatan qarashlari, g‘oyalari, tasavvurlari, hislari yig‘indisidir”18. Ushbu ta’rifda huquqiy ongning muhim funksiyasi bo‘lgan, Z.M.Islomov ta’kidlab ketgan baholash faoliyati e’tibordan chetda qolgan.
Rossiyalik huquqshunos olima A.N.Golovistikovaning huquqiy ongga bergan ta’rifi Y.A.Dmitriyevning ta’rifi bilan bir xil, ya’ni “huquqiy ong bu insonlarning va ularning turli birliklarining hamda butun jamiyatning amaldagi huquq va huquqiy hodisalarga nisbatan qarashlari, g‘oyalari, tasavvurlari, hislari yig‘indisidir”. Bu ikki muallifning ta’rifi tasodifan aynan bir xil bo‘lib, unda insonlar tomonidan kutilayotgan, xohlanayotgan, Z.M.Islomov ta’biri bilan aytganda “orzu qilinayotgan huquqqa” nisbatan munosabatlari hamda huquqiy ong shakllanishining omillari nazardan chetga qolgan.
R.A.Romashov va A.G.Indiklarning ta’rificha, “huquqiy ong insonlarning ijtimoiy hayotning yuridik ahamiyatli hodisalariga (amaldagi qonunchilikka, yuridik amaliyotga, insonlar va fuqarolarning huquq va erkinliklariga) nisbatan baholovchi ruhiy munosabatini ifodalovchi huquqiy tasavvurlari, qarashlari, g‘oyalari, hislari, hayajonlari majmuidir”19. Bu ta’rifda ham insonlarning kutilayotgan huquqqa munosabati hamda huquqiy ongni shakllantirish omillari e’tibordan chetda qolgan.
Akademik V.S.Nersesyans mas’ul muharrirligida chop etilgan “Проблемы общей теории права и государства” nomli kitobda huquqiy ongga quyidagicha ta’rif berilgan: “Huquqiy ong – bu insonlarning huquqqa va davlat-huquqiy hodisalarga nisbatan tasavvurlari, qarashlari, ichki ishonchlari, baholari, hislari va tuyg‘ulari yig‘indisidir”20. Bu ta’rifda ham insonlarning huquqiy ongi kutilayotgan huquqqa nisbatan bo‘lgan munosabatni ham o‘z ichiga olishi e’tibordan chetda qolgan.
Ayni paytda, yuqoridagi ta’riflarning barchasida jiddiy yaqinlik mavjudligini e’tirof etish zarur. Shunday bo‘lishiga qaramay, ushbu bayon etilgan ta’riflar ichida Z.M.Islomovning ta’rifi ushbu ijtimoiy hodisaning muayyan jihatlarini batafsil qamrab olgan. Unda insonlarning nafaqat amaldagi huquq balki, istalayotgan, “orzu qilinayotgan” huquqqa nisbatan munosabati ta’kidlangan.
Yuridik qomusiy lug‘atda huquqiy ong “davlat va huquq nazariyasi va kriminologiyaning kategoriyasi bo‘lib, u huquqiy ahamiyatga ega bo‘lgan hodisalarni o‘zida aks ettirishi bilan bog‘liq bo‘lgan hamda huquqiy ahamiyatli qadriyatlar, huquqni tushunish, zaruriy huquqiy tartibot to‘g‘risidagi tasavvurlar bilan belgilanadigan ijtimoiy, guruhiy va individual ong sohalarini anglatadi”, deyilgan21.
Lug‘atda berilgan ta’rif o‘ziga xos bo‘lib, unda huquqiy ongning shakllanish omillari ham o‘z ifodasini topgan, ya’ni huquqiy ong (inglizcha - legal awareness) “huquqiy ahamiyatli qadriyatlar, huquqni tushunish, zaruriy huquqiy tartibot to‘g‘risidagi tasavvurlar bilan belgilanadigan” hodisaligi qayd etiladi.
Huquqiy ong subyektiv ongning shakllaridan biri bo‘lib, u insonlarda huquq talablari yuzasidan ijobiy yoki salbiy munosabatni ishlab chiqishiga ta’sir etadi. Huquqiy ong o‘z navbatida quyidagilarni taqozo etadi: huquqning mazmun-mohiyati to‘g‘risida mushohada etishni; huquqiy qadriyatlarni boshqa, xususan axloqiy, diniy va siyosiy ijtimoiy qadriyatlar bilan o‘zaro nisbatlashni; huquqni uning ijtimoiy ahamiyati nuqtai-nazaridan baholashni; huquqqa mos xulqning zarurligini chuqur anglab yetishni; huquqni amalga oshirish natijalarini qabul qilishni.
Ma’lumki, individual va ijtimoiy ong kabi dunyoqarash majmuiga kiruvchi elementlardan biri-huquqiy bilimlar va huquqiy e’tiqodlar tizimi bo‘lib, u ilmiy adabiyotlarda huquqiy ong deb yuritiladi. U inson hayotiy faoliyatini “mumkin yoxud mumkin emas”, degan pozitsiyada boshqarib turadi22. N.I.Matuzov va A.V.Malko huquqiy ongga juda qisqa, lo‘nda ta’rif berishadi: “Huquqiy ong bu – odamlarning amal qilayotgan (yoki ular ko‘nglidagi) huquq va boshqa huquqiy hodisalarga munosabatlarini ifodalovchi qarashlari, g‘oyalari, tasavvurlari, shuningdek, his-tuyg‘ulari, his-hayajonlarining yig‘indisidir”.
Huquqiy ong ijtimoiy ongning bir shakli sifatida namoyon bo‘lib, unda insonlarning huquqiy borliqqa nisbatan ijobiy va salbiy munosabatlari o‘z aksini topadi. Huquqqa nisbatan ijobiy munosabat huquqni bilishni, uni hurmat qilishni, uning jamiyatda ijobiy rol o‘ynashiga bo‘lgan ishonchni va shu asosda unga rioya etish zarur va foydali ekanligiga ichki ishonchni, qonunchilikni takomillashtirish to‘g‘risidagi g‘oyalarni o‘z ichiga oladi.
Huquqqa salbiy munosabat esa huquqning jamiyatda foydali ekanligiga ishonchsizlik, unga foydasiz, ta’siri kam hodisa sifatida qarash, unga rioya etmaslikka intilish kabi holatlarda ifodalanadi. Huquqqa bo‘lgan munosabat aynan shu bilan yakunlanmaydi, albatta. Insonlar huquqning tarixiga ham nazar tashlab, o‘tmishda mavjud bo‘lgan huquqqa ham baho beradilar, huquq haqidagi o‘tmish mutafakkirlarining fikrlarini ham o‘rganadilar.
Bundan tashqari, insonlar o‘z tasavvurlarida bo‘lajak, xohlanayotgan huquq haqida ham o‘ylaydilar, fikr yuritadilar. Bu histuyg‘ular, kechinmalar doirasida bo‘lishi mumkin. Bunday munosabat insonlarda, ularning turli guruhlarida, yaxlit, butun jamiyatda mavjud bo‘ladi. Basharti huquq ma’lum darajada obyektiv reallik bo‘lsa, unga nisbatan muayyan subyektiv munosabat mavjudligini ham e’tirof etish zarur bo‘ladi.
Yuqoridagilarga asoslangan holda, huquqiy onga quyidagicha ta’rif beramiz: “Huquqiy ong - bu jamiyatning taraqqiyot darajasi bilan belgilanadigan ijtimoiy ongning muhim bir tarkibiy qismi bo‘lgan, insonlarning huquq, siyosiy-huquqiy hodisalar, yuridik amaliyot, huquqiy tizim va istalayotgan, kutilayotgan huquq haqidagi fikrlari, o‘ylari, his-tuyg‘ulari, qarashlari, iztirob-kechinmalari hamda baholari va tasavvurlari majmuasidir”.
Huquqiy ongning mohiyatini to‘la tushunib olish uchun uning tuzilishiga e’tibor qaratishimiz zarur bo‘ladi. Aytib o‘tish kerakki, huquqiy ongning tuzilishi masalasida ham ilmiy adabiyotda o‘ziga xos vaziyat mavjud. Nazariyotchilar huquqiy ong tuzilishida an’anaviy ravishda ikki elementni: huquqiy ruhiyat va huquqiy mafkurani ajratishlarida bir fikrlilikni kuzatish mumkin. Biroq, huquqiy ongning bu ikki elementini ajratish asoslari va mezonlari bo‘yicha fikrlar turlichaligini qayd etish joiz. Ayrim olimlar huquqiy ong elementlari bilan huquqiy ong darajalari va turlarini aralashtirib, ularni turli mezonlar asosida tasniflangan huquqiy ong turlari, deb ham hisoblaydilar. Masalan, A.N.Golovistikovaning yozishicha, “Huquqiy ongni turlarga ajratish bir qancha mezonlar asosida amalga oshiriladi. Shunday mezonlardan biri bo‘lib, huquqiy borliqni ifoda etishning xarakteri hisoblanadi. Shunga bog‘liq holda huquqiy ong huquqiy mafkura va huquqiy ideologiyaga bo‘linadi. Mazkur muallifning yozishicha, huquqiy ong subyektlari tarkibiga ko‘ra, ijtimoiy, jamoaviy, guruhiy va individual turlarga ajraladi. Huquqiy ongni yana insonlar tomonidan qonun va boshqa huquqiy hodisalarni bilishning chuqurligi va har tomonlamaligiga bog‘liq holda odatiy, kasbiy va ilmiy huquqiy ongga bo‘lish mumkin”23.
Shu o‘rinda mazkur muallifning huquqiy ongni tasniflashga o‘ziga xos yondashganligini ta’kidlash zarur. Bu bir necha holatlarda ko‘rinadi:
Birinchidan, mazkur muallifning an’anaviy tarzda huquqiy ongning ikki elementini, ya’ni huquqiy mafkura va huquqiy ruhiyatga ajratishga asoslangan yondoshuvdan farq qilgan holda, bu elementlarni huquqiy ongning huquqiy borliqni ifodalash xarakteriga ko‘ra bo‘linadigan turlari sifatida talqin etishida;
Ikkinchidan, muallifning huquqiy ongning darajalarini, ya’ni an’anaviy tarzda odatiy, kasbiy va ilmiy huquqiy onga ajratiladigan yondoshuvdan farqli ravishda, “qonun va boshqa huquqiy hodisalarni anglashning chuqurligi va har tomonlamaligi”ga asoslangan holda, huquqiy ongning turlari sifatida odatiy, kasbiy va ilmiy huquqiy ong turlarini ajratishida.
Muallifning huquq nazariyasida e’tiroz uyg‘otmaydigan, an’anaviy tarzda ajratiladigan huquqiy ong ichki tuzilishi elementlari bo‘lgan huquqiy psixologiya va huquqiy mafkurani “huquqiy ong turlari” sifatida e’tirof etishiga qo‘shilmagan holda, uning an’anaviy ravishda huquqiy ong darajalari, deb talqin etiladigan odatiy, kasbiy va ilmiy ongni “qonun va boshqa huquqiy hodisalarni bilishning chuqurligi va har tomonlamaligi” mezoni ostida huquqiy ong turlari sifatida tasnif etgani, fikrimizcha, o‘ziga xos yangi, samarali yondoshuv, deyishga asos bo‘ladi.
Bunday yondoshuvga o‘z munosabatimizni bildiradigan bo‘lsak, fikrimizcha, bu ikki xil tasnif ham “yashashga” haqli. Odatiy, kasbiy va ilmiy ongni huquqiy ong darajalari deyish ham mohiyatan to‘g‘ri bo‘lganidek, ularni huquqni bilish darajasiga qarab tasniflash ham mazmunan maqbul. Bu holda bir obyektga ikki usulda yondoshilib, tasniflanmoqda.
|
| |