Tuzuvchi: Mirishkor tuman 1-son kasb-hunar maktabi. Beknazarov Jamoliddin Bekturdiyevich
O‘zgaruvchan tok generatorlari o‘zgarmas tok generatorlariga nisbatan qator
konstruktiv afzalliklarga ega bo‘lsada, biroq ular hosil qiladigan tok bir necha
kamchiliklarga ega: bu tok bilan akkumulyatorlarni zaryadlab bo‘lmaydi, u startyor
va ba’zi boshqa asboblarni ta’minlashga yaramaydi. Bu tokni o‘zgarmas tokka
aylantirish zarurati paydo bo‘ladi. Buning uchun generatorlarda maxsus qurilma-
to‘g‘rilagich bo‘lishi lozim. Hozir to‘g‘rilagichlar o‘rnatilgan o‘zgaruvchan tok
generatorlaridan keng foydalanilmoqda.
Avtotraktor elektr jihozlarida ishlatiladigan elektr tokining nominal ish
kuchlanishi 12 V. Shuning uchun bunday kuchlanish hosil qiladigan manbalar past
kuchlanishli tok manbai
deb ataladi. 12 V kuchlanishli tokdan foydalanishga sabab
quyidagilar: bu tok kishi hayoti uchun xavfli emas; bunday kuchlanishda
izolyatsiyalovchi qurilmalar va simlar izolyatsiyasiga yuqori talab qo‘yilmaydi;
bunday kuchlanish hosil qiluvchi manbalarning gabarit o‘lchamlari va massasi
nisbatan kichik, demak, narxi ham arzon.
Keyingi vaqtda bitta avtomobilga past kuchlanishli ikkita tok manbai
generator va akkumulyator batareyasi o‘rnatilgan bo‘ladi. Dvigatel o‘rta va tez
aylanishda ishlayotganda generator ulangan iste’molchilarni elektr energiya bilan
ta’minlabgina qolmay, balki akkumulyator batareyasini zaryadlaydi ham. Bu
vaqtda batareya, shuningdek iste’molchiga aylanib qoladi.
Dvigatel ishlamayotganda, uni ishga tushirish vaqtida yoki dvigatel sekin
aylanishda ishlayotganda elektr energiya manbai akkumulyator batareyasi bo‘ladi,
chunki shu paytda generator ishlamaydi yoki oz miqdorda quvvat ishlab chiqaradi.
Batareya ma’lum vaqtgina manba bo‘la oladi: u yig‘ilgan energiyani
iste’molchilarga sarflab zaryadsizlanadi va sarflangan energiya o‘rnini to‘ldirish
jarayonida uning o‘zi iste’molchiga aylanib qoladi.