O’ZBEKISTONDA QISHLOQ XO’JALIGINI RAQAMLASHTIRISHDA XORIJ TAJRIBASIDAN FOYDALANISH
Allayorov I.X. Nizomiy nomidagi TDPU
“Iqtisodiy bilim asoslari” kafedrasi o’qituvchisi
Bugungi kunda respublikamizda muhtaram Prezidentimiz tomonidan qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, qishloq xo‘jaligi sub'ektlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarda bozor tamoyillarini joriy etish, zamonaviy resurs tejovchi va intensiv agrotexnologiyalarni joriy etishga alohida e'tibor qaratilmoqda. 2017-yildan 2022-yilgacha butun dunyo bo‘ylab «aqlli» qishloq xo‘jaligi uchun avtomatlashtirilgan tizimlar va texnologiyalarning ommalashishi taxmin qilinmoqda. Xususan,o‘zgaruvchan tezlikdagi texnologiya tizimi va GPS-qabul qiluvchi qurilmalar ushbu tarmoq o‘sishiga salmoqli hissa qo‘shadi. Tobora ko'proq qishloq xo'jaligi ishlab chiqaruvchilari GPS navigatsiya tizimlaridan foydalanmoqdalar, o'z ishlarida kosmik yo'ldoshlar va dronlardan olingan ma'lumotlarga ishonadilar va o'z ob-havo stansiyalariga ega bo'ladilar. Shunga qaramay, yangi texnologiyalarning keng tarqalishi haqida gapirishga juda erta.Biroq, bozor tahlilchilarining fikriga ko'ra, qishloq xo'jaligida raqamli inqilob yaqinlashmoqda va uning muhim voqealaridan biri uchuvchisiz transport vositalari sohasiga kiradi. Ushbu mashinalar dunyoning ko'plab mamlakatlari uchun dolzarb bo'lgan qishloq joylaridagi ishchi kuchining etishmasligi muammosini hal qilish uchun mo'ljallangan.
2017 yilning 29-noyabrida muhtaram Prezidentimiz SH.M.Mirziyoyev «Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish to‘g‘risida»gi farmonga imzo chekkan edi. Farmonga ko‘ra, qishloq xo‘jaligiga innovatsiyalarni joriy etish sohasida eng avvalo, mavjud yer, suv va boshqa tabiiy resurslardan oqilona foydalanish imkonini beruvchi «Aqlli qishloq xo‘jaligi» konsepsiyasiga asoslangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining zamonaviy sinalgan shakllarini joriy etish, agrar sektorda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini maksimal darajada avtomatlashtirish, hosildorlikni jiddiy oshirish va moliyaviy ko‘rsatkichlarni yaxshilash, shuningdek, mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash imkonini beruvchi innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etishga ko‘maklashish kabi vazifalar vazirlikning asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi.Olimlarning taxminlariga ko‘ra, 2050-yilga borib Yer sayyorasi aholisi 9,6 milliardga yetib, ularni oziq-ovqat bilan ta’minlash uchun bugungiga nisbatan 70 foiz ko‘p mahsulotlar kerak bo‘lar ekan. Ammo, ekologik vaziyatning yomonlashishi, energiya vositalarining qimmatlashuvi va yer unumdorligining pasayib ketishi talab darajasidagi oziq-ovqat ishlab chiqarishga jiddiy to‘siq bo‘lishi ham ta’kidlanmoqda. Bu muammolarni dehqonchilik faoliyatini o‘zgacha usullar asosida boshqarish, xususan, sohaga narsalar interneti konsepsiyasi kabi zamonaviy texnologiyalar va innovatsion yechimlar kiritish, bir so‘z bilan aytganda, «aqlli» qishloq xo‘jaligi orqali hal etish mumkin. Hozirgi kunda IT-texnologiyalar yer maydonlarida asosan don ekinlari yetishtirishda faol qo‘llanilyapti va bu «aniq dehqonchilik» nomi bilan atalyapti.
Rivojlangan davlatlardagi fermer xo‘jaliklari IT-texnologiyalar va innovatsiyalarni o‘z sohalariga aktiv targ‘ib qilib kelishmoqda. Bu - turli datchiklar, sun'iy yo‘ldoshlardan olinadigan ma'lumotlar va mobil ilovalardir. Ular yordamida urug‘larni ekish, sug‘orish, chopiq qilish va aniq bir daladagi hosilni yig‘ib olish uchun eng qulay vaqt aniqlanadi. Texnologiyalar yetkazib berishning optimal marshrutini tanlash yoki meva va sabzavotlarning chirib ketishining oldini olish maqsadida omborlardagi haroratni kuzatib borishni ta'minlaydi. Ular yordamida fermerlar xaridorlar bilan bevosita muloqotni yo‘lga qo‘yadilar, yangi bozorlarga chiqadilar va oldindan buyurtmalar oladilar.Aytaylik, fermerlik harakati bilan shug’ullanib kelayotgan dehqon uzoq yillardan beri bodring o‘stirib keladi, mahsulotini eksportchilarga ulgurji narxda sotadi va yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rishni boshlaydi. Datchiklar va mobil ilova yordamida u keyingi yil qaysi qishloq xo‘jalik mahsulotiga talab ko‘proq bo‘lishini aniqlashi va aynan shu mahsulotni o‘z dalasida o‘stirishi mumkin. Agar dalasi ushbu mahsulot yetishtirishga mos kelsa, internet orqali investor topishi va yangi mahsulotni o‘stira boshlashi mumkin. Bu mahsulotga bo‘lgan talab yuqoriligi tufayli fermerning sotuvdan bo‘lgan daromadi ancha yuqori bo‘ladi. Bundan tashqari tayyor savdo bozorlari va aniq xaridorlardan kelib tushadigan talablar ham mavjud bo‘ladi. Fermerda eksportchi bilan savdolashish ehtiyoji qolmaydi, faqatgina yaxshi narx beradigan xaridorni tanlashning o‘zi kifoya bo‘ladi. Bu agro ishlab chiqarish sektorida texnologiyalarni qo‘llashning atigi bir misolidir. Hozirda agrostartaplarga investitsiyalarni aktiv jalb etayotgan davlatlar — AQSh, Xitoy, Hindiston, Kanada, Isroil hisoblanadilar. Bu davlatlardagi investorlar doimo yangi bozorlarni qidirishadi. Respublikamizdagi keng imkoniyatlarni inobatga olib, ushbu sohani rivojlantirish mumkin va shartdir. Hozirda ko‘plab fermer xo‘jaliklari o‘z mahsulotlarini arzon narxlarda eksportchilarga sotishadi. Chunki ularda logistika masalalarini o‘rganish, eksport-import shartnomalarni rasmiylashtirish va yangi bozorlarni qidirishga ishtiyoq yo‘q. Xarajatlarni qisqartirish, samaradorlikni oshirish - har qanday darajadagi va yo'nalishdagi zamonaviy qishloq xo'jaligi korxonasini rivojlantirishning asosiy maqsadidir. Mutaxassislarning fikriga ko'ra, bugungi kunda raqamli ishlarni va texnologiyalarni joriy etish orqali iqtisodiyot ishida kerakli sifat o'zgarishlariga erishish mumkin. Ushbu yo'lni hali ham oson va tez deb atash mumkin emas.
Bir necha yillardan beri AQSh, Gollandiya, Yaponiya va Hindistondagi bir nechta yirik ishlab chiqaruvchilar bir haydovchisiz traktorlar va kombaynlarning modellarini sinab ko'rishmoqda. Avtomatik boshqaruv tizimi bilan jihozlangan traktor dala bo'ylab bir nechta aylana yasadi, mustaqil ravishda marshrutni tanladi, erdan unumli foydalandi va yo'lda to'siqqa duch kelib to'xtadi. Bu ajablanarli emas: murakkab texnologiyaning ko'pgina kamchiliklari darhol sezilmaydi va kamchiliklarni bartaraf etish vaqtni talab qiladi. Qishloq xo'jaligidagi ishlab chiqaruvchilar yangi vositalarning tez tarqalishini oldini oladigan asosiy muammo katta investitsiyalarga ehtiyoj sezishidir. Hatto qishloq xo'jaligidagi xoldinglar ham bosqichma-bosqich innovatsiyalarni joriy etishni afzal ko'rishadi, har bir qadamning samaradorligini bosqichma-bosqich baholab, moliyaviy yuklarni taqsimlab, qo'shimcha kreditlardan qochishadi, kichik korxonalar uchun raqamlashtirish sohasidagi yutuqlar hali ham mavjud emas. Qishloq xo'jaligi korxonalarining katta qismi raqamli texnologiyalarni faqat qo'shma moliyalash asosida joriy etishga tayyor, qishloq xo'jaligi ishlab chiqaruvchilari davlat tomonidan qo'llab-quvvatlanmog’i lozim. Qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqaruvchi dunyoning yetakchi kompaniyalari o‘z taraqqiyot strategiyalarini dehqonchilik jarayonlarini raqamlashtirish va avtomatlashtirish ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda belgilab olishni allaqachon boshlab yuborishgan. Masalan, AQShning Jon Dir kompaniyasi qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda yetakchilardan biri. Kompaniya o‘z traktorlariga IoT (Internet of Things — narsalar interneti) datchiklari va veb-interfeyslar bilan qo‘llab-quvvatlangan majmualarni joriy etishga kirishgan. Agrar texnikalar sohasida «aqlli» qurilmalarni qo‘llash darajasi bo‘yicha Yevropa mamlakatlari hozircha AQShdan ortda qolmoqda. Yevropa Ittifoqida 80 foiz qishloq xo‘jaligi texnikalari navigatsiya tizimlari bilan sotilishiga qaramay, ularning qariyb 30 foizi amalda tarmoqqa ulangan xolos. Bunga sabab, Yevropa Ittifoqida yirik fermer xo‘jaliklari AQShdagiga nisbatan ancha kam. Chunki Yevropada yetarli texnikalarga ega kichik oilaviy fermalar ustuvorlik qiladi va ularni ancha qimmat bo‘lgan «aqlli»lariga almashtirishga shoshilishmaydi. Tractica konsalting kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, 2024-yilga borib, qishloq xo‘jaligi robotlari yetkazib berish 32 mingtaga oshib, 594 ming birlikni tashkil etadi.Traktor va yuk tashuvchi mashinalarga o‘rnatilgan o‘ziyurar tizimlarning inson omili ta’sirini kamaytirish bilan bir qatorda, yana bir muhim afzalligi bor: ular don va yonilg‘i o‘g‘irligini kamaytirishga imkon beradi.Intellektual fermalarda nafaqat haydovchisiz transport vositalari, balki kamera va yuqori sezuvchi sensorlar bilan ta’minlangan uchuvchisiz uchish apparatlaridan ham foydalanish mumkin. Ular bir necha soat davomida qishloq xo‘jaligi uchastkalarida tadqiqot olib borish, kamera va sensorlar yordamida yiqqan ma’lumotlarni fermerga yetkazish, maydonlar elektron xaritasini 3D formatda yaratish, ekinlarni samarali o‘g‘itlash maqsadida me’yorlashtirilgan vegetatsiya indeksini hisoblash, olib borilayotgan ishlarni xatlash, yerni himoyalash va boshqa imkoniyatlarga ega. Hozirda uchuvchisiz qurilmalardan AQSh, Xitoy, Yaponiya, Braziliya va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari qishloq xo‘jaliklarida keng foydalanilmoqda. Dehqonchilikda datchik va sensorlardan foydalanish — intellektual ferma tashkil etishda muhim qadam hisoblanadi. O‘nlab kvadrat kilometr joydan ular radiokanallar orqali nazoratdagi ob’yektlar holati — asosan, tuproqning namlik darajasi, harorat, o‘simlikning sog‘lomlik darajasi, yonilg‘i zaxirasi va boshqa muhim parametrlar haqida uzluksiz ma’lumot yetkazib tura oladi. Masalan, nazorat nuqtalariga o‘rnatiladigan sensorlar tuproq xususiyatlarining asosiy tizimlarini aniqlashga moslashtirilgan. Datchiklar esa tabiiy xilma-xillik (relef, tuproq turi, yorug‘lik, ob-havo, begona o‘tlar va zararkunandalar miqdori), kasallikka chalingan o‘simlik, hosildorlik haqida oldindan ma’lumot beradi. Sensor va datchiklar nafaqat ekin yetishtirishga, balki hosilni to‘liq saqlashga ham yordam beradi. Bularning bari o‘simliklarni parvarishlashga aql bilan yondashuvni ta’minlaydi. Elektron qurilmalar chorvachilik va baliqchilik xo‘jaligini samarali boshqarishga ham yordam beradi — qoramollar joylashgan joy va ob-havo o‘zgarishlarini nazorat qiladi. Bunday qurilmalar orqali fermerlar allaqachon jonivorlar homiladorligi, sog‘ish vaqti va kasallik belgilarini aniqlashni o‘rganib olishgan. Ma’lumotlarga qaraganda Dunyo bo‘yicha 70 foiz toza suv qishloq xo‘jaligi uchun sarflanib, achinarlisi uning 60 foizi shunchaki isrof bo‘lib ketar ekan. Bu muammoni ham aqlli tizim hal qiladi — tizim suv nasoslarini masofadan turib boshqarish imkonini berib, fermerlarni suv oqishi va yetishmovchiligi haqida ogohlantiradi. Hindistonlik fermerlar bu borada «Nano Ganesh» mobil tizimidan foydalanishadi. Tizim yordamida ular suvni, mablag‘larini va vaqtlarini tejab qolishga erishmoqdalar. Chilida esa mevalar plantasiyasini datchiklar bo‘yicha sug‘orish suv sarfini 70 foizga kamaytirish imkonini bermoqda. Albatta, bunday tadqiqotlar dunyo bo‘ylab olib borilyapti. Masalan, NASA AQSh geologiya xizmati bilan hamkorlikda sun’iy yo‘ldosh yordamida shtatlar hududida tuproq namligi haqida dolzarb ma’lumotlarni qo‘lga kiritgan.
Qishloq xo‘jaligiga intellektual texnologiyalarni joriy etish iste’molchilari, albatta, fermerlar va fermalar rahbarlaridir. Texnologik provayderlar esa yetkazib beruvchilar hisoblanadi. Ular iste’molchilar uchun innovatsion dasturlar yoki mobil ilovalar, M2M uskunalari, datchiklar va kuzatuv qurilmalari, aloqa kanallari, ma’lumotlarni tahlil qilish vositalari va boshqa aqlli yechimlar ishlab chiqish uchun javobgardir. Ammo, har bir ferma (yolki har bir fermer) ham internetga ulangan emas. Hatto tarmoqqa ulanish uchun uncha katta bo‘lmagan fermaga yetarlicha sarmoya lozim. Aqlli texnologiyalar nafaqat dehqonchilik, bog‘dorchilik yoki chorvachilikda, balki baliqchilik sohasida ham o‘z samarasini bermoqda. Baliqlar migratsiyasini kuzatib borish va baliq ovlash uchun eng yaxshi joyni tanlash, ozuqa namunalarini tahlil qilish, ehtimoliy kasalliklarni aniqlash kabilarni endi zamonaviy texnik qurilmalar, monitorlar yoki GPS datchiklari yordamida amalga oshirsa bo‘ladi. Shuningdek, suvning sifati haqida ham ma’lumot olish mumkin.Texnologiyalar bizga nafaqat oldimizdagi vazifalarni tez va yaxshi bajarishimizga yordam beradi, balki biz avval tasavvur qilib ham ko‘rmagan ko‘plab yangi imkoniyatlarni ham ochadi. Uzoq yo‘lni bosib o‘tgan texnologiyalar hamon rivojlanishda. Bugunga kelib, veb-interfeysli qurilmalar va xizmatlar ancha ko‘p ommalashdi, shuning uchun ham narsalar internetiga bo‘lgan qiziqish rekord darajada yuqori o‘rinni band etib turibdi. Fermerlikning an’anaviy usullari o‘sib borayotgan oziq-ovqat talabiga tenglasha olmaydi, shu bois fermerlar aqlli qishloq xo‘jaligiga tobora ko‘proq murojaat qilishmoqda. Va bu kelajagi porloq yagona soha bo‘lishiga shubha yo‘q.
Yurtimiz zamini serhosil, bahorda tayoq suqsak kuzda meva beradi. Lekin, aholimizning yildan yilga ko‘payib borayotganini, suv, elektr energiyasi va boshqa tabiiy zaxiralarimizning cheklanganini inobatga olsak, «aqlli» qishloq xo‘jaligining naqadar ahamiyati kattaligini anglab yetamiz. Shunday ekan, agrar sohaga zamonaviy tizimni tatbiq etishlarida mirishkorlarimizga muvaffaqiyatlar tilaymiz.
.
|