|
O‘zbek tili fanidan o‘quv- uslubiy majmua
|
bet | 68/122 | Sana | 30.11.2023 | Hajmi | 0,59 Mb. | | #108788 |
Bog'liq “Boshlang‘ich va maktabgacha ta’lim metodikasi” kafedrasi O‘zbek-fayllar.orgVasiyatnoma
Vasiyatnoma bir shaxsning (vasiyat qiluvchining), u vafot etgan taqdirda, o‘ziga qarashli bo‘lgan mol-mulkni tasarruf etish bo‘yicha xohish-irodasi bayon qilingan hujjatdir. U muayyan andoza bo‘yicha tuzilishi, belgilangan talablarga (vasiyat qiluvchining huquqiy momala layoqati, farmoyishning qonuniyligi, vasiyat qiluvchi tomonidan o‘zining so‘nggi xohish-irodasini bayon qilish erkinligi) javob berishi kerak. Vasiyatnoma bo‘yicha har qanday shaxs (jumladan, qonunda belgilangan merosxo‘rlar doirasiga kirmaydigan shaxslar ham), shuningdek, davlat, jamoat, kooperativ tashkilotlari merosxo‘r bo‘lishi mumkin. Vasiyat qiluvchi o‘z mol-mulkini (uning bir qismini) bir yoki bir necha merosxo‘rga, shu bilan birga, yuridik shaxslarga, davlatga yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga vasiyat qilish huquqiga ega. U, shuningdek, vasiyatnomada o‘limidan so‘ng uni qaysi qabristonga ko‘mish, yodgorlik qo‘yish yoki qo‘ymaslik, qanday marosimlar o‘tkazish haqida va shunga o‘xshash farmoyishlar berish huquqiga ega. Vasiyat qiluvchi yoki meros qoldiruvchi vasiyatnoma tuzilganidan keyin uni istagan paytda bekor qilish va o‘zgartirish borasida erkin bo‘lib, bunda u bekor qilish yoki o‘zgartirish sabablarini ko‘rsatishga majbur emas. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1124-1133-moddalarida vasiyatnoma, uning shakli va yozilish uslubi, turlari, uni bekor qilish va o‘zgartirish, vasiyatnoma bilan bog‘liq boshqa holatlar batafsil ko‘rsatib berilgan. Vasiyatnoma, odatda, yozilgan joyi va vaqti ko‘rsatilgan holda yozma shaklda tuzilishi lozim. Quyidagi vasiyatnomalar yozma shaklda tuzilgan hisoblanadi: a) notarial tasdiqlangan vasiyatnomalar; b) notarial tasdiqlangan vasiyatnomalarga tenglashtirilgan vasiyatnomalar. Yozma shakldagi vasiyatnoma vasiyat qiluvchining o‘z qo‘li bilan imzolanishi kerak. Agar vasiyat qiluvchi biron-bir jismoniy nuqsoni, kasalligi yoki savodsizligi yoki biror sabab tufayli vasiyatnomani o‘z qo‘li bilan imzolay olmasa, uning iltimosiga binoan, notarius yoki qonunga muvofiq vasiyatnomani tasdiqlaydigan boshqa shaxs hozir bo‘lganida, vasiyat qiluvchi o‘z qo‘li bilan imzolay olmaganligining sabablari ko‘rsatilgan holda, vasiyatnomaga boshqa shaxs imzo qo‘yishi mumkin. Lekin notarius yoki vasiyatnomani tasdiqlovchi boshqa shaxs, vasiyatnomadan manfaatdor shaxslar va ularning oila a’zolari, vasiyat qiluvchining qonuniy merosxo‘rlari, to‘liq muomala layoqatiga ega bo‘lmagan fuqarolar, vasiyatnomani o‘qiy olmaydigan boshqa shaxslar, yolg‘on guvohlik bergani uchun ilgari sudlangan shaxslar vasiyatnomani imzolashi mumkin emas. Notarial tasdiqlangan vasiyatnoma vasiyat qiluvchi tomonidan yozilgan yoki uning so‘zlaridan notarius tomonidan yozib olingan bo‘lishi kerak. Vasiyatnomani keyingi holatda yozib olish paytida umumiy qabul qilingan texnika vositalaridan (yozuv mashinkasi, shaxsiy kompyuter va hokazodan) foydalanish mumkin. Vasiyat qiluvchining so‘zlaridan notarius tomonidan yozib olingan vasiyatnomani imzolashdan oldin vasiyat qiluvchi uning matnini notarius oldida to‘liq o‘qib chiqishi lozim. Agar vasiyat qiluvchi ayrim obyektiv sabablarga ko‘ra vasiyatnomani shaxsan o‘qiy olmasa, uning matni vasiyat qiluvchiga notarius tomonidan o‘qib eshittiriladi, bu holat vasiyatnomada tegishlicha qayd etiladi. Vasiyat qiluvchining xohishiga ko‘ra vasiyatnoma notaruis tomonidan uning mazmuni bilan tanishib chiqilmasdan (maxfiy vasiyatnoma) tasdiqlanadi. Maxfiy vasiyatnomani vasiyat qiluvchi haqiqiy sanalmaslik xavfi (ehtimoli) borligidan o‘z qo‘li bilan yozishi va imzolashi kerak. Vasiyatnoma ikki guvoh va notarius ishtirokida xatjildga solinib, xatjild yelimlanishi lozim. Guvohlar, to‘liq ismi shariflari va doimiy turar joylarini ko‘rsatgan holda, xatjildga imzo qo‘yadilar. Ushbu xatjild mazkur odamlar ishtirokida boshqa xatjildga solinadi va bu xatjild ham yelimlanib, notarius unga tasdiqlash ustxatini yozib qo‘yadi.
|
| |