Sanoat pechlarida o‘txona qurilmalari Yoqilg‘ining yonish jarayoni kechadigan qurilma o‘txona
deyiladi. Yonish jarayonining borishini ta’minlaydigan va
boshqaradigan uskunalar majmui o‘txona qurilmasi deyiladi.
Har qanday o‘txonani yondirish qurilmasi bilan o‘txona
bo‘shlig‘i (kamerasi) ning qo‘shilmasidan iborat deb qarash
mumkin. Qattiq yoqilg‘ini yoqishda yoqilg‘i bo‘laklarini tutib
turadigan panjarali cho‘g‘don yondirish qurilmasi bo‘lib xizmat
qiladi. Suyuq va gaz holatidagi yoqilg‘ini yoqishda o‘txonaga
to‘zitilgan yoqilg‘ini va yonish uchun zaruriy havoni purkab
beradigan forsunka yoki gorelkalar yondirish qurilmasi bo‘ladi.
O‘txona va uning yo‘llarida qozonni isish sirtlari joylashadi, ular
o‘txonada yoqilg‘i yonganda hosil bo‘ladigan issiqlikni o‘ziga
oladi. Hozirgi o‘txonalarda yoqilg‘i shunchalik yuqori
temperaturada yonadiki, yoqilg‘ining yonishi natijasida hosil
bo‘lgan kul suyuqlanib shlakka aylanadi. O‘txonaning yuqori
temperaturasi va o‘txona devoriga o‘tirib qolgan suyuqlangan
shlak ta’sirida o‘txonaning ichki qoplamasi tez yemirilishi
mumkin. Bundan tashqari, tutun gazlar bilan birga chiqib
ketayotgan kulning suyuq zarralari isitish sirtlariga o‘tirib,
issiqlik uzatilishini yomonlashtiradi. Shu sababli o‘txona
devorlari ekranlanadi, ya’ni ularning oldiga ichida suv aylanib
yuradigan metall quvurlar o‘rnatiladi. Yoqilg‘ini yoqish usuliga
qarab o‘txonalar qatlamli va kamerali o‘txonalarga bo‘linadi.
Qatlamli o‘txonalarda qattiq yoqilg‘i qatlam usulida yoqiladi.
Kamerali o‘txonalar changsimon holidagi qattiq yoqilg‘i, suyuq
va gaz holidagi yoqilg‘ini yoqishga mo‘ljallangan. Kamerali
o‘txonalar mash’alali va uyurmali o‘txonalarga bo‘linadi.