51
Axborot jamiyati har xil tabiat va tashkilotga ega axborot tizimlarining
samarali, o`zaro muvofiqlashtirilgan aloqasiga asoslanadi. Bu tizimlar ijtimoiy
ierarxiyalarning turli pog’onalarida: ishlab chiqarishda alohida ishlab chiqarish
uchastkasi, tsexi, muassasada bo`limdan tortib, milliy, umumdavlat va davlatlararo,
internatsional, global kompyuter tarmoqlari va ma`lumotlar bazalarigacha bo`lgan
pog’onalarda faoliyat ko`rsatadi.
Ijtimoiy boshqaruv qonunlarining ob`ektiv mohiyati insoniyatdan inson
faolligining barcha bosqichlarida o`z rivojlanishini ogohlantiruvchi dinamik,
sinergetik tartibga soluvchi axborot tizimlarini ishlab chiqishni talab etadi.
Insoniyatda olamning yangi, axborot modeli zohir bo`lib, u ijtimoiy ong osti
sohasidan ijtimoiy borliq darajasiga «globalizatsiya» degan qisqacha va qamrovli
nom olgan ijtimoiy o`zini o`zi tuzish arxetipi shaklida ko`tariladi.
Aholi yalpi axborot bilan ta`minlangan, axborotga egalik qilish va undan
foydalanishga monopoliya taqiqlangan bo`lmasa, fuqarolarning shaxsiy erkinligini,
demokratik, fuqarolar jamiyati elementlari samarali faoliyat ko`rsatishini ta`minlash
mumkin emas. U yoki bu ijtimoiy birlikning axborot resurslari o`sishi ko`rinishida
ro`yobga chiqariladigan tashabbus va ijod erkinligi demokratiya va erkinlikning
muhim elementidir.
Axborot jamiyatining vujudga kelishi va rivojlanishi jamiyatning o`ziga o`zi
ta`sir ko`rsatishi, ijtimoiy o`zini o`zi uyushtirish mahsulidir. Shuning uchun ham A.
Turen mazkur qiziqarli ijtimoiy hodisani o`rganib, uni ishlab chiqarishni tashkil
etish, taqsimlash va iste`mol qilish modellarini tuzishga qodir bo`lgan
dasturlashtiriluvchi jamiyat deb atadi. Dasturlashtiriladigan, axborot jamiyati
sharoitlarida ishlab chiqarish tashkilotchisi, menejerning roli keskin ortadi - muttasil
o`zgaruvchi axborot sharoitlarida boshqaruv mehnati mehnatning, uzluksiz ijodning
mustaqil turi sifatida shakllanadi.
Bugungi kunda ijtimoiy boshqaruv barcha pog’onalarda shu darajada
murakkablashib ketdiki, boshqaruvda band etilgan barcha odamlarning jami
imkoniyatlari boshqaruv uchun zarur axborotni qayta ishlashga qodir bo`lmay qoldi.
Mazkur murakkab vazifa avtomatlashtirilgan axborot va boshqaruv tizimlari
(AABT)ni yaratish yo`li bilan hal qilinmoqda. Bu tizimlarda kompyuter tarmoqlari,
ma`lumotlar banki, Internet yordamida axborot bilan ish olib boriladi. Bu
menejerning ish qamrovini 95% ga, qiymatini esa - 80-85% ga kamaytirish imkonini
beradi. Boshqaruvda axborot tizimlarining paydo bo`lishi qonuniy hodisa, davr
talabidir.